Bugun, 5- fevral kuni Oliy Majlis Senatining oʻn uchinchi yalpi majlisi chaqiriladi

Yalpi majlis doirasida senatorlar Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud tarkiblariga oʻzgartirishlar kiritish masalalarini ham muhokama qiladi.

05.02.2026 14:10 O'zbekiston 2037 ipaknews Senat

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senatning oʻn uchinchi yalpi majlisini 2026-yil 5-fevral kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Kengash majlisida navbatdagi yalpi majlis kun tartibi atroflicha muhokama qilinib, uning doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga doir qator masalalarni koʻrib chiqish nazarda tutilgan.

Jumladan, yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar belgilab olinadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yildagi faoliyati sarhisob qilinadi.

Shuningdek, senatorlar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, shaxsga doir maʼlumotlarni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonunlarni koʻrib chiqadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari kun tartibidan oʻrin olgan.

Shuningdek, yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vengriya oʻrtasida ushlab berish toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish, 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha belgilangan vazifalar, ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan davlat va xususiy oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosining muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, qurilish ishlarini tartibga solish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash, aliment undirish va toʻlash tizimini takomillashtirish boʻyicha yuborilgan parlament soʻrovlari natijalari koʻrib chiqiladi.

Yalpi majlis doirasida senatorlar Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud tarkiblariga oʻzgartirishlar kiritish masalalarini ham muhokama qiladi.