Andijonda soliq organi mansabdori 30 mln soʻm jarimaga tortildi

Hozirda mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 241-2-moddasi hamda 241-3-moddalariga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Andijon shahrida tadbirkorning faoliyatiga toʻsqinlik qilgan soliq organi mansabdor shaxsi 30 million soʻm jarimaga tortildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Bildirilishicha, Andijon shahrida faoliyat yurituvchi “A.B.” MChJ rahbari soliq organi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvdan hamda bankdagi hisobvaraqlari toʻxtatib turilganidan norozi boʻlib Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Tadbirkorlik subyekti faoliyatida kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilib, bankdagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish choralari qoʻllanilgan. Tadbirkor tomonidan talabnomaga javob berilganiga qaramasdan, tadbirkorning bankdagi hisobvaraqlar boʻyicha cheklovlar oʻz vaqtida bekor qilinmagan.

Aniqlanishicha, soliq organi mansabdor shaxsi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda toʻxtatib turish hamda kameral soliq tekshiruvi oʻtkazish tartiblarini buzish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 241-2-moddasi hamda 241-3-moddalariga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.