Parlament yuqori palatasi aʼzolari tomonidan yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etilib, Senat faoliyati, qonun ijodkorligi hamda yoshlarni qiziqtirgan masalalarga bagʻishlangan ochiq muloqotlar oʻtkaziladi. Bu haqda “Xalq soʻzi” nashri veb sayti xabar berdi.
Navbatdagi uchrashuv senatorlar ishtirokida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Webster universiteti talabalari bilan boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida talabalarga Senatning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, parlament yuqori palatasining vakolatlari, qonun ijodkorligi jarayonlari hamda qabul qilingan qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratining ayrim jihatlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Shuningdek, dolzarb qonunlarni qabul qilish, davlat dasturlari ijrosini taʼminlash va ijro hokimiyati organlarining hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining ustuvor vazifalari ekani taʼkidlandi.
Uchrashuvda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar, jumladan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim sifatini oshirish va zamonaviy bilimga ega avlodni shakllantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyati, qonunchilik tashabbuslari va jamoatchilik nazorati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Uchrashuv yakunida talabalar Senat qoʻmitalari va devoni faoliyati, shuningdek agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.