21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

Bayram tadbirini Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ochib berdi

20.10.2025 14:00 O'zbekiston 1806 ipaknews.uz

Bosh prokuraturada “Til yashasa, millat yashaydi” shiori ostida tadbir tashkil qilindi. 

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, mazkur tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodirjon Xolbo‘tayev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Iqbol Mirzo va Mahmud Toir, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Lola Eltoyeva, Behzod Muhammadkarimov, Zuxra Ashurova, parlament a’zolari va boshqa taniqli madaniyat, san’at va adabiyot namoyondalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashishdi.

Bayram tadbirini Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda o‘zbek tiliga berilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida chinakam yangi davr boshlanganligi, ona tilimizning jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish, yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda bayram munosabati bilan prokuratura xodimlari o‘rtasida tahliliy ish, savodxonlik va she’riyat yo‘nalishlarida o‘tkazilgan tanlov g‘olib va sovrindorlari diplom va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda so‘z olgan taniqli san’atkor, olim, yozuvchi va shoirlar ham davlat tilining o‘rni va ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirishdi hamda bayram munosabati bilan barchani tabriklab, tegishli tavsiya va takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.