Andijon viloyatida markazlashgan issiqlik taʼminoti qayta ishga tushirildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Oʻtgan yili shaharda 5 ta kichik daha, 30 dan ziyod ijtimoiy soha obyektlari issiqlik taʼminoti va issiq suv bilan taʼminlandi. Jahon banki mablagʻlari hisobiga umumiy quvvati 110 megavatt boʻlgan uchta qozon ishga tushirilib, 27,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik uzatish tarmogʻi toʻliq yangilandi.
— Ilgari uyimizni gaz bilan isitardik, bu xavfli, juda qimmatga tushardi, — deydi fuqaro Laylo Kosimova. — Oʻtgan yili issiqlik manbaiga ulangach, gaz va elektr uchun toʻlaydigan xarajatlarimiz ancha kamaydi. Masalan, uyni isitish uchun oldin bir mavsumda taxminan 1,5 million soʻm sarflasak, markazlashgan issiqlik tizimiga ulangandan soʻng bor-yoʻgʻi 322 ming soʻm toʻladik.
Modernizatsiya orqali aholi va ijtimoiy soha obyektlari tomonidan sarflanishi mumkin boʻlgan elektr energiyasi uch oyda 15 million kilovatt soatga tejaldi. Natijada 75 mingta xonadon elektr taʼminoti bilan taʼminlanmoqda. Tabiiy gazni 20 foizga iqtisod qilishga erishilmoqda.