“Samarqand oshi” xalqaro festivali yakunlandi, gʻoliblar taqdirlandi

Xalqaro festivalning 3-kuni “Boqiy shahar” majmuasida 7 tonnali palov maxsus qozonda pishirildi

Samarqand palov
Samarqand palov
04.08.2025 15:00 O'zbekiston 209 O'zbekiston
Joriy yilning 1-3-avgust kunlari ilk bor “Samarqand oshi” xalqaro festivali oʻtkazildi. Unda mahalliy va qator xorijiy davlatlardan kelgan taniqli oshpazlar pazandalik borasidagi mahoratini namoyish etdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Festivalda 30 metr uzunlikdagi rekord darajada shashlik tayyorlanib, ishtirokchilarga tarqatildi. Ushbu gastronomik yutuq mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Bu orqali viloyatning boy gastronomik merosi yana bir bor namoyon etildi.

Xalqaro festivalning 3-kuni “Boqiy shahar” majmuasida 7 tonnali palov maxsus qozonda 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijlik oshpaz tomonidan pishirildi. Ishtirokchilar bu jarayonni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, taomdan tatib koʻrish imkoniyatiga ega boʻldi. Tayyorlangan osh mehribonlik uylari, nogironligi boʻlgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, qariyalar uylari kabi muassasalarga yetkazib berildi.

Uch kun davom etgan festivalda 200 dan ortiq oshpaz ishtirokida musobaqalar oʻtkazildi. 20 turdagi noyob osh tayyorlanib, oshpazlardan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning oshlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari koʻrgazmalari tashkil etildi.

Festival yakunida koʻrik-tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. 3-oʻringa Xorazm viloyati, 2-oʻringa Buxoro viloyati, 1-oʻringa Toshkent shahri oshpazlari munosib koʻrildi. Gʻoliblar va festivalda faol qatnashgan ishtirokchilar, jarayonlarni keng yoritgan OAV vakillari va blogerlar ham turli nominatsiyalar boʻyicha Samarqand viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlarning qimmatbaho esdalik sovgʻalari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.