Yunusobodda 9-qavatdan oʻzini tashlagan yigit tirik qoldi

22.07.2025 18:54 O'zbekiston 262

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi koʻp qavatli uydan nomaʼlum shaxsning tushib ketgani aks etgan video keng muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBBga tayanib "Yangi O‘zbekiston" nashri xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil 21-iyul kuni soat taxminan 01:30 larda Yunusobod tumani 9-mavzesida joylashgan koʻp qavatli uylarning birida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan fuqaro T.R. 9-qavatdagi derazadan oʻzini tashlagan. U kirish yoʻlagining tom qismiga urilgan holda yerga tushgan.

Ogʻir jarohat olgan fuqaro “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, chap oʻmrov va oʻng koʻkrak suyaklarining sinishi, birinchi bel umurtqasining 2-3 darajali kompression sinishi, 2-darajali travmatik shok” tashxislari bilan shifoxonaga olib ketilgan. Hozirda u shifokorlar nazoratida qolmoqda.

Oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlishicha, T.R. 2024-yil oxiridan buyon ruhiy salomatligi bilan bogʻliq muammolarni boshdan kechirgan va shu sababli psixolog-shifokorlar koʻrigidan oʻtkazilgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.