Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” boʻylab joylashtiriladigan miniatyuralarning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Foto: Azizbek Tashqorayev/ xs.uz
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini oʻz ichiga olgan devorning uzunligi qariyb 52 metr, boʻyi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.
Devor boʻylab jami 11 ta miniatyura oʻrin oladi. Ushbu miniatyuralarni chizish uchun 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, rassom Behzod Xojimetovning maʼlum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
Foto: Azizbek Tashqorayev/ xs.uz
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb eʼlon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik rivojiga qoʻshgan hissasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan.
Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy eʼtibor Amir Temurning maʼrifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini koʻrsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy sanʼat asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida koʻrsatiladi. Mirzo Ulugʻbek va uning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Ulugʻbekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulugʻbekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta oʻrin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida koʻrsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari koʻrsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham koʻrsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qoʻlyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi.
azkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Boburga bagʻishlangan qismda uning tarixiy qoʻlyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida oʻrin tutadi.