Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti so‘nggi yillarda o‘sishdan to‘xtab qoldi va uni qayta tiklash uchun aniq rejalar yo‘q. 2024 yilning oxirgi choragida ham hech qanday o‘sish qayd etilmadi. Ba’zi siyosatchilar bu holatni “YaIMning barqarorligi” deb atamoqda, lekin aslida mintaqa iqtisodiyoti bir joyda depsinib turibdi. Bu vaziyatdan qanday chiqish mumkinligi esa hali aniq emas, deb yozadi The Economist.
Jurnalistlar yozishicha, Yevropa iqtisodiyoti rivojlanishni ta’minlash uchun bir nechta asosiy omillarga suyanardi, ammo hozir bu mexanizmlar ishlamayapti:
- Yevropada aholi qarimoqda, bu esa ishchi kuchi kamayib borishi va mehnat bozorida ishchi qo‘llar yetishmasligiga sabab bo‘lmoqda;
- tashqi bozorlarda talab kamayib, Yevropa mahsulotlarini sotib oluvchi asosiy bozorlar, masalan, Xitoy va AQSh o‘zlarining ichki ishlab chiqarishini rivojlantirishga e’tibor qaratishmoqda;
- ichki iste’mol ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlamayapti: inflatsiya va iqtisodiy noaniqlik sababli odamlar pullarini tejashni afzal ko‘rishmoqda. Bugungi kunda Yevropa aholisi o‘z daromadining 15 foizini jamg‘arayotgan bo‘lsa, pandemiyadan oldin bu ko‘rsatkich 12 foizni tashkil qilgan.
Yevropa Markaziy banki iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida foiz stavkalarini 4 foizdan 2,75 foizga tushirgan va yaqin kelajakda yana kamaytirishi mumkin. Biroq, inflatsiya hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Xizmatlar sohasida narxlar yiliga 4 foizga oshib bormoqda, bu esa pul-kredit siyosatini keskin yumshatish imkonini cheklab qo‘yyapti.
Ba’zi siyosatchilar davlat xarajatlarini oshirish taklifini ilgari surishmoqda. Ayniqsa, mudofaa sohasi va yangi infratuzilma loyihalari orqali iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash mumkin. Germaniya kabi davlatlar bu borada imkoniyatga ega, ammo Italiya va Fransiya kabi qarzi yuqori davlatlar xarajatlarini kamaytirishga majbur, shuning uchun Yevropa miqyosidagi umumiy qo‘llab-quvvatlash dasturini amalga oshirish ehtimoli past.
Yevropa iqtisodiyotini rivojlantirish uchun eng katta umid yirik korporatsiyalar va biznes sarmoyalariga bog‘liq. Yevropa sun’iy intellekt va yashil texnologiyalar sohasida katta imkoniyatlarga ega, ammo korporativ sarmoyalar so‘nggi 5 yilda keskin kamaygan. AQShdagi proteksionistik siyosatning kuchayishi Yevropa kompaniyalarining sarmoyalarini o‘z vatanlariga emas, balki Amerikaga yo‘naltirishiga olib kelishi mumkin.
Agar jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmasa, Yevropa iqtisodiyoti uzoq muddat davomida past o‘sish darajasida qolishi mumkin. Bu holat iqtisodiy inqirozga olib kelmaydi, lekin Yevropa iqtisodiyotining global raqobatbardoshligini cheklab qo‘yadi, ichki siyosiy keskinlikni kuchaytiradi va aholi turmush darajasini pasaytiradi.
Bu esa uzoq muddatda Yevropani kuchsizlantirishi mumkin. Shuning uchun bugun mintaqa nafaqat o‘z xavfsizligini ta’minlash, balki iqtisodiy jihatdan ham rivojlanish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak.