Parlament a’zolari, diplomat hamda ekspertlar O‘zbekiston va Xitoy munosabatlaridagi asosiy omillarni muhokama qildilar
Foto: S.Savchuk-Kurbanov
Poytaxtimizda “O‘zbekiston – Xitoy: mushtarak intilishlar va rivojlanish istiqbollari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Oliy Majlisning Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy Xalq Vakillari Kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspert va jurnalistlar ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalida Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun so‘zga chiqib, Buyuk ipak yo‘li orqali bog‘langan Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ikki ming yildan ortiq tarixga ega ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Xitoy birinchilardan bo‘lib diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. 30 yildan ortiq vaqt davomida tomonlar umumiy rivojlanish manfaati uchun hamkorlik qilib kelmoqda.
“Joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tarixiy davlat tashrifini amalga oshirdi. Ikki davlat rahbarlari yangi davrda ikki tomonlama munosabatlarni har qanday sharoitda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish va Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida mushtarak taqdirlar hamjamiyatini yuqori boshlang‘ich nuqtadan barpo etish - ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich bo‘lishini e’lon qilishdi. Bu muhim qadam Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining umidlariga to‘g‘ri keladi hamda ikki davlat hamkorligi va tiklanishi uchun yangi istiqbollarni ochadi”, - dedi elchi.
Yuy Szyun ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlarini sanab o‘tar ekan, tomonlar milliy suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni himoya qilishda bir-birini qo‘llab-quvvatlashini, bu esa munosabatlarimiz rivojiga asos bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
“Xitoy O‘zbekistonni milliy voqelikka mos ravishda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan borishda, milliy suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik va milliy qadr-qimmatni himoya qilishda qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston “yagona Xitoy” tamoyiliga qat’iy amal qiladi va har qanday bahona bilan Xitoyning ichki ishlariga aralashishga qarshi. Bu, ayniqsa, xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘lgan "Tayvan muammosi" bo‘yicha pozitsiyaga tegishli. Joriy yilning yanvar oyida Tayvan mintaqasida boʻlib oʻtgan saylovlardan soʻng Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi birinchilardan boʻlib rasmiy bayonot bilan chiqdi va “yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va har qanday shakldagi Tayvan mustaqilligiga qarshi ekanini bilirdi”, - deya qayd etdi diplomat.
Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi paytlarda baʼzi davlatlar Tayvanning “noaniq maqomi”ni eʼlon qilmoqda, bu esa tarixiy faktlarni notoʻgʻri koʻrsatmoqda va xalqaro huquq normalarini buzmoqda. Tayvan uzoq vaqtdan beri Xitoyning ajralmas qismi boʻlib kelgan, bu tarixiy haqiqat va xalqaro konsensus.
“Ba’zi davlatlar “Tayvan muammosi” deb ataluvchi masaladan Xitoyni jilovlash va g‘arazli provokatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalanishga harakat qilmoqda, bu esa Tayvan bo‘g‘ozida tinchlikka jiddiy putur yetkazmoqda. Tayvan bilan bogʻliq masala Xitoyning ichki ishi ekanligini yana bir bor ta'kidlamoqchiman va biz Tayvan orolining Xitoydan ajralib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun hamma narsani qilamiz", - deya qoʻshimcha qildi Xitoy elchisi.
Uning fikricha, ikki tomonlama munosabatlarga jadallik beruvchi yana bir muhim omil bu - Xitoy va O‘zbekistonning mushtarak intilishlaridan bo‘lgan insoniyatning yagona taqdiri Hamjamiyatini qurishdagi hamkorlikdir. Bu maqsadlar Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi bandlariga mos keladi. Shuningdek, har ikki tomon ham umumiy rivojlanishga intiladi, bu ham ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning harakatlantiruvchi omilidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda ikki davlat rahbarlari o‘rnak bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston Xitoyning asosiy siyosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarini doimo qo‘llab quvvatlaydi. Eng avvalo XXRning “yagona Xitoy” tamoyilini doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Biz xitoylik hamkorlarimizga O‘zbekiston milliy mustaqilligi va mamlakat hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdormiz. Bu iqtisodiy, gumanitar, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish uchun nihoyatda muhim”, — dedi parlament quyi palatasi birinchi vitse-spikeri.
“Bundan tashqari, Oʻzbekiston “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning doirasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan barcha forumlarda ishtirok etdi. Xususan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi mamlakatimiz manfaatlariga mos keladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
A.Saidov O‘zbekiston Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurash amaliyotini sinchiklab o‘rganayotganini, bozor iqtisodiyotiga to‘liq o‘tishda XXR tajribasi ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. O‘zbekistonda Si Szinpinning davlat boshqaruviga oid uchta kitobi nashr etilgani bejiz emas. Xitoyning inson huquqlari kontseptsiyasiga bag'ishlangan yana bir kitob nashrga tayyorlanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva ta’kidlaganidek, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari natijasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar, shuningdek, xavfsizlik, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
– Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish nafaqat ikki mamlakat oliy vakillik organi aʼzolari oʻrtasidagi hamkorlikni jadallashtirish, balki xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va olimlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishni ham taqozo etadi. Soha xodimlari, ishbilarmon va olimlarni jalb qilish orqali parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqish mumkin”, — dedi u.
Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligining Yevroosiyo xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik instituti direktori Lyu Xuatsinning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv va kelishuvlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratdi. Natijada o‘tgan yili Xitoy O‘zbekistonning savdo hamkorlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 14 milliard dollarni tashkil qilib rekord darajaga yetdi.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Xitoy bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini bosqichma-bosqich oshirib bormoqda. Masalan, O‘zbekiston Xitoyga quritilgan uzum yetkazib berish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Elektron tijorat imkoniyatlaridan faol foydalanilmoqda: O‘zbekistonning 130 dan ortiq kompaniyalari o‘z mahsulotlarini Alibaba onlayn platformasi orqali eksport qilmoqda.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov o‘z nutqida “Xitoy-Markaziy Osiyo” formati tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga alohida to‘xtaldi. O‘zbekiston Prezidenti 2022-yilda ushbu formatdagi virtual uchrashuvda, 2023-yilda esa Sian sammitida ishtirok etib, qator muhim takliflar bilan chiqdi.
Shu bilan birga, ekspert mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning yuqori dinamikasi murakkab xalqaro vaziyatda kuzatilayotganini ta’kidladi.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston rahbariyati “Yagona Xitoy” siyosatini qatʼiy va izchil qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qilmoqchiman. Biz buni doimo ochiq aytib kelganmiz va xalqaro huquq tamoyillariga, birinchi navbatda, davlatning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini hurmat qilish nuqtai nazaridan rioya etishni targ‘ib qilib, shu yo‘ldan borishda davom etamiz, – dedi Javlon Vahobov.
Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan ikki mamlakat oliy vakillik organlaridagi hamkorlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, istiqbolli sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirdi.