Elchi Yuy Szyun: Xitoy va O'zbekiston milliy madaniyatni targ'ib qilishni qo'llab-quvvatlaydi hamda sivilizatsiyalararo almashinuvni faol rivojlantiradi
Xitoyning O'zbekistondagi elchisi Yuy Szyun intervyusida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 7 iyunda qabul qilingan "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi.
– BMT Bosh Assambleyasi Xitoy va O'zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan 10-iyun sanasini "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" deb e'lon qilish to'g'risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi. Ushbu tashabbusning maqsadi sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o'zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirishga qaratilgan. Sizningcha, ushbu rezolyutsiya BMTga a'zo davlatlar xalqlariga qanday foyda keltiradi?
– BMT tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kunini belgilash to'g'risidagi rezolyutsiyasining qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega. Unda qayd etilganidek, barcha sivilizatsiyalar yutuqlari insoniyatning umumiy merosini ifodalaydi. Rezolyutsiya madaniy xilma-xillikka hurmatni rag'batlantiradi va tinchlikni ta'minlash, umumiy taraqqiyotga ko'maklashish va barcha xalqlar farovonligini oshirish uchun sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot muhimligini ta'kidlaydi. U sivilizatsiyalar o'rtasida o'zaro hurmat va teng huquqli muloqotga, shuningdek, almashuvlarni mustahkamlashga hamda global muammolarni birgalikda yengishga chaqiradi.
Bugungi kunda dunyo turli inqiroz va sinovlar kuchayib borayotgan, tinchlik, taraqqiyot, ishonch va boshqaruv tanqisligi yuzaga kelgan yangi notinch o'zgarishlar davriga kirdi. Shu nuqtai nazardan, 2023 yilda Xitoy raisi Si Szinpin Global sivilizatsiya tashabbusini ilgari surdi, sivilizatsiyalar o'rtasidagi tenglik, o'zaro o'rganish, muloqot va inklyuzivlik tamoyillarining muhimligini ta'kidlab, begonalashuvni madaniy almashinuvlar, to'qnashuvlarni-o'zaro o'rganish, ustunlik hissini - inklyuzivlik bilan yengib o'tishga chaqirdi.
BMT Bosh Assambleyasining "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasi Global sivilizatsiya tashabbusi mohiyatiga to'liq mos keladi va bizning xalqlar o'rtasidagi o'zaro almashinuv va butun insoniyat taraqqiyotiga ko'maklashishga bo'lgan umumiy intilishimizni aks ettiradi.
Xitoy ham, O'zbekiston ham qadimiy va ulug'vor sivilizatsiyalar vorislari hisoblanadi. Buyuk ipak yo'li xalqlarimiz o'rtasidagi ikki ming yillik do'stlik guvohi bo'lib kelmoqda. Xitoy va O'zbekistonning rivojlanish konsepsiyalari o'xshash va yaqin madaniy aloqalarga ega. Ikkala tomon ham sivilizatsiyalarni himoya qilish va rivojlantirishga katta e'tibor qaratadi, milliy madaniyatni targ'ib etish tarafdori va sivilizatsiyalararo almashinuvni faol rivojlantirishga yordam beradi.
"O'zbekiston – 2030" strategiyasida o'zbek xalqining milliy qadriyatlari va ma'naviy merosini asrab-avaylash, keng targ'ib qilish hamda rivojlantirish maqsadida ma'naviy-madaniy sohada islohotlar o'tkazish vazifalari aniq ko'rsatilgan.
O'zbekiston Xitoyning Global sivilizatsiya tashabbusini qat'iy qo'llab-quvvatlaydi. E'tiborlisi, O'zbekiston Xitoyning taklifiga binoan "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyani ishlab chiqishda asosiy guruh a'zosi sifatida faol ishtirok etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga muhim hissa qo'shdi.
So'nggi yillarda davlatlarimiz yetakchilari diplomatiyasi rahnamoligida Xitoy-O'zbekiston munosabatlari yangi davrda har tomonlama keng qamrovli strategik sheriklikning tarixiy bosqichiga ko'tarildi. Va biz ikki davlat o'rtasidagi gumanitar almashinuvlarni yana-da chuqurlashtirish vaqti keldi.
Xitoy O'zbekiston bilan birgalikda ushbu rezolyutsiyani amalga oshirish, boy tarixiy va madaniy resurslarimizdan to'liq foydalanish, madaniy almashinuvlarni kengaytirish, arxeologiya va tarixiy obidalarni tiklash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, teletranslyatsiya sohasida hamkorlikni kuchaytirishga, tele- va kinofilmlar, adabiy asarlarni tarjima qilish, turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va odamlarning harakatiga ko'maklashishga tayyor. Shunda bizning go'zal madaniyatimiz xalqlar o'rtasidagi muloqot ko'prigiga aylanadi, shunda Xitoy va O'zbekiston o'rtasida umumiy hamjamiyatni yaratish yangi va yuqori darajaga ko'tariladi.
– Janob elchi, o'tgan 10 kun ichida BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan ikkita rezolyutsiyani qabul qildi va BMTning asosiy organlariga respublika vakillari saylandi. Ushbu muhim voqealar haqidagi fikrlaringiz ham biz uchun qiziq.
– So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakat milliy voqelikka mos ravishda o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab, Yangi O‘zbekistonni ishonchli sur’atlar bilan barpo etayotir. Biz uning yangi qiyofasini, aholi turmush darajasining sezilarli darajada oshganini ko‘ryapmiz.
O‘zbekiston ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritmoqda, turli mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni keng rivojlantiryapti, chinakam ko‘p qirralilikka sodiqdir. Respublika BMT, SHHT, "Xitoy-Markaziy Osiyo" formati kabi ko‘p tomonlama tuzilmalarda ham muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston, shuningdek, milliy rivojlanish strategiyasini "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi, BMTning barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiqlashtirishga faol ko‘maklashmoqda, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni saqlash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shmoqda.
O‘tgan ikki hafta davomida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi, XMT Ma’muriy kengashi va BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga O‘zbekiston vakillari saylandi. Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakatlanish va hamkorlik qilishga tayyorligi" rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilindi. O‘zbekiston BMT doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ham faol ilgari surmoqda.
Mazkur yutuqlar O‘zbekistonning xalqaro mavqei sezilarli darajada yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Mamlakat global boshqaruvda faol ishtirok etib, umuminsoniy qadriyatlarga qat’iy amal qilgan holda, nafaqat o‘z taraqqiyotiga e’tibor qaratayotganini, balki tinchlik-osoyishtalik va butun insoniyat umumiy taraqqiyotini ta’minlashga intilayotganini namoyish etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: "Bugungi O‘zbekiston –kechagi O‘zbekiston emas". Xitoy qo‘shni va hamkor sifatida respublikaning turli sohalarda erishayotgan yutuqlaridan chin dildan quvonadi. Ishonchim komilki, Prezidentingiz rahnamoligida "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan maqsadlarga albatta erishiladi, mamlakatning qudrati va ta’siri yanada yuksaladi.
Xitoy O‘zbekiston bilan birgalikda umumiy hamjamiyatini barpo etish, global taraqqiyot, global xavfsizlik va global sivilizatsiya tashabbuslarini faol amalga oshirish, dunyo tinchligiga ko‘proq hissa qo‘shish va global taraqqiyot uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratish uchun hamkorlik qilishga tayyor.