O‘zbekiston Qurolli kuchlari eng yopiq tuzilmalardan biri hisoblanib, jamoatchilikka juda ham kam ma'lumot ochiqlanadi. Shu kunlarda matbuot prezidentga Xitoyning zenit-raketa tizimlari namoyish qilinganligi haqida xabar topdi
O‘zbekiston prezidentiga namoyish qilingan zenit-raketa tizimlarning biri KS-1C (“Kaishan”-1C) HQ-12 ning eksport versiyasi hisoblanadi. U o‘z texnik xususiyatlariga ko‘ra, o‘rta masofali kompleksdir. Aniqroq aytganda, tizim 5-50 kilometr masofadagi havo tahdidlari, jumladan, raketalar, samolyotlar, vertolyot va dronlarni zararsizlantirishi mumkin. Urib tushirish balandligi esa 20 kilometrgacha.
“Kaishan” ko‘p funksiyali radar tizimi, boshqaruv markazi, uchirish platformasi va generatordan iborat majmuadir. Unda qo‘llaniladigan raketalar 1,2 Max (1470 km/soat) tezlikka erisha oladi. G‘ildirakli shassiga asoslangan har bir platformada ikkitadan to‘rttagacha zenit raketalar parvozga tayyor turadi. Ularning har biri 5,6 m uzunlikka ega. Yuz kg og‘irlikdagi jangovar kallak tashiydi. Raketalar “near-proximity detonation” usuli, ya’ni nishon yaqinida portlab, metall fragmentlar bilan zararlash orqali ishlaydi.
KS-1C havo tahdidlarini aniqlash va kuzatib borish uchun asosan H-200 ko‘p funksiyali radaridan foydalanadi. U 120 km masofadagi 50 ta nishonni kuzatishi, ulardan oltitasini birvarakayiga urib tushirishi mumkin. Uchirish platformalari soniga qarab, buni ko‘paytirish imkoniyati bor. Ammo oltitadan so‘ng raketalarni navbatma-navbat ishga tushirish taqozo qilinadi. Uchirish platformasi vazifasini 60 km/soat tezlikda harakatlanadigan texnika bajaradi. “Kaishan”ni boshqarish uchun kerakli personal taxminan 16 kishini tashkil etadi.
“Kaishan”-1C sanoat obyektlari, omborlar, harbiy qismlarni samolyot va dronlardan himoyalashga mo‘ljallangan. Biroq, tizim 500 metrdan pastlab uchuvchi qanotli raketa va dronlarga qarshi qo‘llash kutilgan samarani bermaydi. Qolaversa, murakkab kompleks bo‘lgani sabab undan jabhada, ya’ni quruqlik kuchlari uchun havo soyaboni sifatida foydalanib bo‘lmaydi. Bu rolga FM-90 ko‘proq mos keladi.
U qisqa masofali zenit-raketa tizimi bo‘lib, HQ-7B tizimining eksport uchun mo‘ljallangan versiyasi hisoblanadi. FM-90 fransuzlarning Crotale tizimi asosida ishlab chiqilgan mobil kompleksdir. Shu bois asosan quruqlik qo‘shinlari bo‘linmalari bilan xizmat qiladi. Uni hozirga qadar Pokiston, Bangladesh, Myanma, Jazoir, Turkmaniston va Eron kabi davlatlar o‘z quroli kuchlariga qabul qilgan.
FM-90 odatda bitta radar va qo‘mondonlik markazi, shuningdek 4 tagacha uchirish platformalaridan iborat bo‘ladi. Ularning bari uchun 6x6 g‘ildirakli shassi tanlab olingan. Shu bois mobilligi yuqori. Biroq xitoyliklar statsionar versiyani ham ishlab chiqishgan.
Tizim radari 25 kilometrgacha masofadagi 12 ta nishonni bir vaqtda kuzatishi, ulardan to‘rttasini baravariga urib tushirish mumkin. Tutib olish balandligi 15 metrdan 5 kilometrgacha. Bu dronlar va qanotli raketalarga qarshi ayni muddao. Ammo zarba berish masofasi 15 kilometrdan oshmaydi. Qolaversa, u yuqori tezlikdagi havo tahdidlari, masalan ballistik raketalarga qarshi samarasiz. Ular bilan boshqa kompleks shug‘ullanadi.
Tizim o‘z raketalarini infraqizil nur va yarim aktiv radar orqali yo‘naltiradi. Jangovar kallak vazni 14 kg bo‘lib, yuqori portlovchi xususiyatga ega. Qolaversa, unda elektron urush qurollari ham inobatga olingan. Ko‘rish gorizontidagi nishonlarga qarshi elektrooptik tizimlar bor. Ularga integratsiya qilingan termal kamera sharofati bilan FM-90 tungi sharoitlarda ham ishlay oladi.