“Aqlli” plyonka ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi

22.04.2025 00:00 IPAK YO‘LI 6

Oc45PS17452205529401_b

O‘zbekiston Xitoy bilan hamkorlikda haroratni mo‘tadillashtiruvchi “aqlli” plyonka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Fanlar akademiyasiga ko‘ra, nano-zarrachalarga ega bunday plyonkali issiqxonalarda energiya va suv sarfi kamayib, o‘simliklar 2 baravargacha tez o‘sadi.

Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari dunyoda ilk bor issiqxonalar uchun mo‘ljallangan plyonkalar tarkibiga qo‘shiluvchi, haroratni mo‘’tadillashtirish vazifasini bajaradigan nano-kompozit zarrachalarni sintez qildi, deya xabar bermoqda akademiya matbuot xizmati.

Bunday plyonklarning sinovlari Toshkent, Jizzax, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan. Hozirgi kunda Shanxay qishloq xo‘jaligi akademiyasi tomonidan Xitoyning turli tuproq-iqlim sharoitida keng ko‘lamli sinovlar olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, bu nano-zarrachalar quyosh nurining ultrabinafsha nurlanishini yaqin infraqizil diapazonga aylantiradi. Shu bilan birga, bunday fotonlarning issiqlik energiyasi +17…+22 darajaga teng bo‘ladi. Natijada tashqi harorat −3…−7 daraja bo‘lgan holatda ham issiqxona ichidagi harorat qo‘shimcha qizdirishsiz +5…+7 darajagacha saqlanadi (odatiy plyonkalarda bu ko‘rsatkich 0…+2 daraja bo‘ladi). Issiq kunlarda esa issiqxona ichidagi harorat 5−8 darajaga pasayadi.

Infraqizil diapazondagi fotonlar soni ko‘payishi tufayli fotosintez tezlashadi va o‘simliklar 1,5−2 baravar tez o‘sadi. Shu bilan birga, energiya sarfi 60 foizdan ortiq kamayadi, hosildorlik 35−50 foizga ortadi, sug‘orish uchun suv tejalishi 30 foizni tashkil etadi, agar gidrogellar qo‘llanilsa, bu ko‘rsatkich 90 foizgacha yetadi. Plyonkaning mustahkamligi 3 baravar oshadi

Akademiya xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarni qo‘shma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Tajriba-sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2025-yilda 1 tonna, 2026-yilda esa 10 tonna nano-zarrachalar ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish hajmini yiliga 2000 tonnaga yetkazish uchun nano-poroshoklar ishlab chiqarish zavodi quriladi.