Qozog'iston va O'zbekiston fuqarolarining o'zaro sayohatiga qo'yiladigan talablar yengillashtiriladi

29.03.2024 00:00 O'zbekiston 4

Qozog'iston ommaviy axborot vositalari O'zbekiston fuqarolari uchun mamlakatga kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilishi haqidagi ma'lumotlarni tarqatdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, "Kazinform" xalqaro axborot agentligi Qozog'iston Senati yalpi majlisida "2000-yil 7 iyuldagi Qozog'iston Hukumati va O'zbekiston Hukumati o'rtasida fuqarolarning o'zaro tashriflari shartlari to'g'risidagi bitimga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida"gi Qonun qabul qilinganini xabar qildi.

"Ushbu Bayonnoma mamlakat rahbarining 2022-yil 22-dekabr kuni Toshkentga tashrifi chog'ida imzolangan,— deyiladi maqolada. — O'zbekiston mazkur protokolni o'tgan yilning aprel oyida ratifikatsiya qilgan edi. Qonunning maqsadi ikki davlat o'rtasidagi do'stona munosabatlarni yana-da rivojlantirish, fuqarolarning sayohatlarini tartibga solish, bir davlat fuqarolarining boshqa davlat hududida bo'lishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirishdan iborat".

Bayonnomaga ko'ra, fuqarolarning bo'lish muddati davlat chegarasini kesib o'tgan paytdan boshlab 30 kalendar kunidan oshmasa, ularning o'z hududlarida vakolatli organlarda ro'yxatdan o'tmasdan bo'lishining takomillashtirilgan tartibi joriy etiladi. Shunday qilib, Bayonnomada fuqarolarning ikkinchi taraf davlati hududida vaqtinchalik ro'yxatdan o'tmasdan bo'lish muddati 5 kundan 30 kunga oshiriladi.