Samarqandda Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bag'ishlangan 11-forum o'z ishini boshladi

02.04.2024 00:00 O'zbekiston 6

Samarqand shahrida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bag'ishlangan 11-forum (APTFF) o'z ishini boshladi.

1711965686954_7jpg

"Dunyo" axborot agentligi xabar qilishicha, forumda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 250 dan ko'proq xorijiy mehmonlar, jumladan, 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.

Osiyo Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bag'ishlangan forum (APTFF) savdoni soddalashtirish yo'nalishida ilg'or tajriba va bilim almashish uchun asosiy mintaqaviy platforma hisoblanadi. APTFF 2009-yildan beri Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani bo'yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan tobora ko'payib borayotgan hamkorlar bilan hamkorlikda tashkillashtirilib kelinmoqda. Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 250 dan ko'proq ishtirokchilar qatnashmoqda. Forum hamkorlik salohiyatini yuksaltirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Forumning ochilish marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o'rinbosari Xurram Teshaboyev so'zga chiqib, innovatsion texnologiyalar va raqamlashtirish keng joriy etilayotgani, buning natijasida ishlab chiqarish va xalqaro savdo hajmi oshganini ta'kidladi. Shu bilan birga, mintaqada oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash vazifalari ham dolzarbligicha qolmoqda.

Barcha mamlakatlar uchun zamonaviy texnologiyalardan teng foydalanishga imkon yaratish, savdo va yuk tashish sohasidagi tartibotlarni soddalashtirish bo'yicha eng samarali chora-tadbirlar ko'rish, tovarlar harakatini tartibga soluvchi jarayonlarni raqamlashtirish muhimligi ta'kidlandi.

O'zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak natijalar bermoqda.

Tashqi bozorga chiqish yo'lidagi to'siqlarning bartaraf etilishi, valyuta bozorining liberallashtirilishi, 7 mingdan ortiq turdagi xomashyo va tovarlarga bojxona to'lovlarining bekor qilinishi natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki baravar oshdi.

Soliq yuki qariyb 2 barobar kamaytirildi, soliq ma'murchiligi soddalashtirildi, mamlakatda Markaziy Osiyodagi eng jozibador fiskal tizim yaratildi. O'zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish yo'lida dadil qadamlar qo'ymoqda.

So'zga chiqqanlar biznes uchun qulay bo'lgan oraliq tariflardan foydalangan holda Markaziy Osiyoning transport salohiyatini oshirish, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish bo'yicha yangi transport yo'laklarini qurish loyihalarini ilgari surish muhimligini ta'kidladilar.

Bunday sharoitlarda transport xizmatlari bozorini liberallashtirish, ruxsat berish tartib-taomillarini optimallashtirish, xalqaro tashishlar uchun yagona raqamli platforma yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tadbir doirasida O'zbekistonning hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bag'ishlangan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Forum 5-aprelga qadar davom etadi.