Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Andijonda qiymati 42 mlrd. so‘mlik loyihani olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Ma'lumotga ko‘ra, Andijon tumanida yashovchi, 1966 y.t. A.B. va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1971 y.t. X.U. o‘zaro til biriktirib, yo‘l qurilishi sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirishadi.
Ular yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, MCHJga Asaka tumanidagi “4R-112” avtomobil yo‘lining 4 km. qismiga asfaltobeton qoplamasini yotqizish bo‘yicha loyihani olib berish evaziga, loyiha uchun ajratiladigan 42 mlrd. so‘mning 10 foizini (4,2 mlrd. so‘m) berishini talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.B. so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.