Oliy Majlis Senatining ellik uchinchi yalpi majlisida “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Foto: Senat.uz
Keyingi yillarda mamlakatimizda kasaba uyushmalari tashkilotlari ishining samaradorligini oshirishga, ular aʼzolarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga, shuningdek kasaba uyushmalari tashkilotlarining faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy bazani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga amaliyotda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan bank hisobvaraqlarini ochish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, buning uchun soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami olinishi taqozo etiladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalariga va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari, «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari bo‘linmalarining va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarining adliya organlarida hisobga qo‘yilishi mumkinligini va ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.