Joriy yilning dastlabki 5 oyida Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga mahsulot yetkazib berish keskin qisqardi. Umumiy eksport tarkibida esa oltinning ulushi 40,3 foizdan 38,6 foizgacha kamaydi. AQSh O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega top-10 davlatlar qatoriga kirdi.
Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-may oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 26,7 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 10,8 mlrd dollarni, import hajmi esa 15,8 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 1,9 foizga, import hajmi 3,7 foizga oshgan.