Oʻzbekiston Prezidenti birdaniga 5 ta kodeks va 6 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Ushbu qonun bolalar xavfsizligini taʼminlash va ularning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva davlatimiz rahbarining mazkur qonunni imzolashi yuzasidan oʻz munosabatini bildirib, yosh bolaga nisbatan zoʻravonlikka aslo toqat qilib boʻlmasligi, jazo esa muqarrar va murosasiz boʻlishi shart ekanini taʼkidladi.
“Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa — u xoh taʼlim muassasasi xodimi boʻlsin, xoh yaqin qarindoshi — javobgarlikka tortiladi. Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi”, deb yozadi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Qonunga koʻra, bundan buyon 14 yoshga toʻlmagan bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov boʻlmaydi.
“Yosh bolaning xavfsizligi shart-sharoit yoki vaziyatlarga bogʻliq boʻlishi mumkin emas. Bolalar hayoti, sogʻligʻi, or-nomusiga tajovuz qilgan har qanday kimsa qatʼiy jazodan qochib qutula olmasligini bilishi shart”, deydi Mirziyoyeva.