11
11

Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmogʻida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmogʻida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ faoliyatini takomillashtirish, xaridlar va ishlab chiqarish bilan bogʻliq masalalarni hal etishga qaratilgan ikkita qaror qabul qilindi.

Taqdimotda ushbu qarorlarning ijrosini taʼminlash, tabiiy gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlari hamda yil yakunigacha amalga oshirilishi moʻljallangan tadbirlar koʻrib chiqildi.

Gaz zaxiralarini koʻpaytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 3D seysmik razvedka ishlarining hajmi oʻtgan yilga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Yil boshidan beshta yangi gaz konlari ochildi, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burgʻilangan boʻlsa, toʻrtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burgʻilash reja qilingan.

Istiqbolli maydonlarni, ayniqsa Ustyurtning katta chuqurlikdagi qatlamlarni oʻrganish, yangi konlarni oʻzlashtirish hamda mavjud quduqlar samaradorligini oshirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi.

Ushbu maqsadlarda burgʻilash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, jarayonlarga zamonaviy texnologik yechimlarni olib kirish muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli hozirda Ustyurt hududida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlarni burgʻilash, geofizik maʼlumotlarni qayta tahlil qilish hamda gaz qazib olish samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tasarrufidagi yirik korxonalarning moliyaviy natijalari ham tahlil qilindi. Joriy yilning toʻqqiz oyi yakuni bilan korxonalarning jamlangan sof foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsgan, kredit portfelini maqbullashtirish natijasida esa qarzdorlik kamaygan, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta koʻrib chiqish orqali foiz xarajatlarini tejashga erishilgan.

Taqdimot doirasida gaz transport tizimining oʻtkazuvchanlik quvvatini oshirishga doir loyihalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Unda yangi magistral gaz quvurlarini qurish, kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish kabi tadbirlar qamrab olinadi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarini ishga tushirish, gaz yetkazib berish barqarorligini oshirish hamda yiliga 125 million kub metr gaz tejash imkonini beradi. Shu munosabat bilan ularni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi.

Taqdimotda “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Ushbu ishlarga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilingan boʻlib, hozirda maxsus texnika va uskunalar ish joyiga safarbar qilinmoqda, quduqlarni burgʻilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Avariyani bartaraf etish jarayonining barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash eng muhim masalalardan biri ekanligi qayd etildi.

Taqdimotda yana bir yirik loyiha - Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarishni koʻpaytirish va uni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.

Hozirda zavodda asosiy texnologik qurilmalar taʼmirlangani natijasida dizel yonilgʻisi ishlab chiqarishni 30 foizga, bitum 60 foizga, aviakerosin esa 5 barobarga oshirishga erishilgan.

Kelgusida zavodni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda qarzdorlikni kamaytirish boʻyicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshiriladi. Yil oxiriga qadar zavod yuklamasi 40 foizdan 65 foizga yetkaziladi va keyinchalik oshirib boriladi.

Davlatimiz rahbari geologiya-qidiruv va burgʻilash ishlari natijadorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitob va aniq moliyalashtirish manbalari asosida olib borish, tarmoq korxonalari faoliyatida samaradorlikka alohida eʼtibor berish yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berdi.