Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlugʻ oʻttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, moʻtabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulugʻ bayramimiz Yangi Toshkentda oʻtkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, taʼlim va madaniyat markazi boʻladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi Oʻzbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universiteti, Oʻzbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bagʻishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular roʻyobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana koʻplab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh boʻlamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshib, biz barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

Qadrli doʻstlar!

Biz 1991-yilda xalqimizning xohish-irodasi va qatʼiyati bilan oʻz davlat mustaqilligimizni qoʻlga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod boʻlgan davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib oʻrin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yoʻlida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi Oʻzbekistonda toʻliq roʻyobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz oʻzligimizni angladik, nomi hamisha eʼzozda boʻlgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada oʻtgan 35-yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor eʼtirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon boʻlishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan gʻoyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qoʻrquv va hadik oʻrnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi oʻn yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda koʻrsatib, Oʻzbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi oʻrnimizni 80 pogʻona yaxshilab, “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan boʻlsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshiramiz va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiramiz.

Eʼtiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy oʻzgarishlarni har bir inson, har bir oila oʻz hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qoʻshilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega boʻlgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini soʻz bilan taʼriflab boʻladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambagʻallik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining taʼlim olishi va yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimini yoʻlga qoʻydik.

Izchil saʼy-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambagʻallik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida roʻzgʻoriga baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuygʻulari mujassam.

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega boʻlgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, taʼlimga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obroʻ-eʼtiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

Oʻtgan oʻn yilda, aholimiz 8 millionga koʻpaygan sharoitda ham bogʻcha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy taʼlim maskanlaridan kam boʻlmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar oʻrganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda oʻqish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy maʼlumotli qilish faqat orzu emas, erishsa boʻladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan koʻpini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning oʻziga xos qiyofasi, desak, toʻgʻri boʻladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va maʼrifatli jamiyat deganidir.

Biz taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sunʼiy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yoʻnalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sunʼiy yoʻldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida gʻurur bagʻishlaydi.

Mening niyatim: Oʻzbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilgʻor tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

Oʻzbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til boʻlishi lozim.

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida soʻz yuritganda, aholimizning sogʻligʻi masalasiga alohida eʼtibor qaratishimiz tabiiy. Soʻnggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablagʻni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

Oʻtgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyib, ularga sharoit yaratganimiz
oʻz natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, goʻdaklar va onalar oʻlimi koʻrsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

Qadrli doʻstlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulugʻ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti boʻlib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-maʼrifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi boʻlgan Yangi Oʻzbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq oʻgʻil-qizlarimizni qoʻllab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion soʻm ajratilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bagʻishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, oʻzbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yoʻl albatta davomli va zafarli boʻladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi oʻgʻil-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori oʻrinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi Oʻzbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon toʻxtamang, aziz farzandlarim!

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada masʼuliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik – biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali oʻzimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat boʻladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bogʻcha tashkil qilish boʻyicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan toʻliq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro taʼlim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga oʻqitishni yoʻlga qoʻyib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sogʻlom boʻlishi va uzoq umr koʻrishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bogʻliq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga oʻtamiz. Davlat tibbiy sugʻurtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy taʼlim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga oʻtkazish.

Buning uchun kelgusi oʻn yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori oʻsish surʼatini saqlagan holda, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishda startap, venchur va sunʼiy intellektni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – oʻrta biznesga, oʻrta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yoʻlga qoʻyamiz. Bularning hisobiga kelgusi oʻn yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Aziz doʻstlar!

Global iqlim oʻzgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb boʻlib bormoqda.

Shu bois, toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning masʼuliyati va taraqqiyotning sifat koʻrsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bogʻcha, shifoxona va koʻp qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik koʻlamini 30 foizga yetkazamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy oʻsish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini taʼminlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yoʻlga qoʻyamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish boʻyicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga koʻtaramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon boʻladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yoʻnaltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha yondashuv butkul oʻzgaradi. Tuman byudjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – Oʻzbekistonning tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya aʼzolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni taʼminlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yoʻnalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat oʻrnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

Oʻzbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun koʻpqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qoʻshnimiz boʻlgan Afgʻoniston boʻyicha konstruktiv siyosatimizni qatʼiy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz.

Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻlimiz bizga bir haqiqatni oʻrgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning oʻzi yoʻq.

Biz yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan ulugʻ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik neʼmatini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar boʻlsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori boʻlgan xalqimizga shon-sharaflar boʻlsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulugʻ bayram – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon boʻlsin!

Yashasin Oʻzbekiston Respublikasi!

Yashasin Oʻzbekiston xalqi!