Oʻzbekiston mikrobiologik oʻgʻitlari Misrda sinovdan oʻtkaziladi

Oʻzbekistonning “Agro EM Technology” kompaniyasi hamda Misr qishloq xoʻjaligi oʻgʻitlari qoʻmitasi vakillari oʻrtasida onlayn muzokara boʻlib oʻtdi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Bildirilishicha, mazkur uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va biotexnologiyalar sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Muzokaralar davomida “Agro EM Technology” vakillari tomonidan yurtimizda ishlab chiqilgan, foydali mikroorganizmlar bazasiga asoslangan “mgumi organic” mikrobiologik oʻgʻitini Misr bozoriga olib kirish va mahalliy iqlim hamda tuproq sharoitlariga moslashtirgan holda hamkorlikda ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan.

Oʻzbekiston tomoni ushbu mahsulotni Misrda muvaffaqiyatli roʻyxatdan oʻtkazish va kelgusida tijoriy hamda texnologik sheriklikni yoʻlga qoʻyish maqsadida misrlik olimlar bilan birgalikda ilmiy baholash va dala sinovlarini oʻtkazishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, Misr qishloq xoʻjaligi oʻgʻitlari qoʻmitasi raisi Samir El Gundi mahsulotni Misrda rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish va sertifikatlash uchun zarur boʻlgan huquqiy va texnik talablarni tushuntirib oʻtdi.

Misrlik mutaxassislar tomonidan mahsulot tarkibidagi har bir mikroorganizm turini aniqlash, ularning faolligi va konsentrat darajasini asoslash hamda ketma-ket ikki vegetatsiya mavsumi davomida tuproq va ekinlarga taʼsiri boʻyicha laboratoriya hamda dala sinovlarini oʻtkazish zarurati taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida oʻzbekistonlik mutaxassislarning Misrga amaliy tashrifini uyushtirish, taqdimot oʻtkazish va dala sinovlarini boshlash boʻyicha kelishuvga erishilgan.