Namanganda 80 ming qalbaki AQSH dollarini sotayotgan jinoiy guruh ushlandi

20.06.2026 14:18 O'zbekiston 2025 ipaknews.uz

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Namangan viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Namangan viloyatida yirik miqdordagi soxta valyuta aylanmasiga chek qoʻyish boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

Surishtiruv davomida Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi 1992 va 1995-yillarda tugʻilgan ikki nafar fuqaro hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi 1980-yilda tugʻilgan shaxs oʻzaro til biriktirib, jinoiy reja tuzgani aniqlandi. Ular 100 dollarlik kupyuralardan iborat boʻlgan jami 100 ming qalbaki AQSH dollarini haqiqiy 40 ming AQSH dollariga sotishni rejalashtirishgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir davomida ushbu soxta pulfurushlar ustidan nazorat oʻrnatildi. Jinoiy guruh aʼzolari qalbaki pullarning asosiy qismini, yaʼni 80 ming soxta AQSH dollarini haqiqiy 40 ming AQSH dollariga almashtirayotgan (sotayotgan) vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Tezkor tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu juda yirik miqdordagi qalbaki valyutalarning qayerdan kelganiga ham oydinlik kiritildi. Maʼlum boʻlishicha, yuqori sifatda xorijda tayyorlangan ushbu soxta pullar Oʻzbekiston hududiga aylanma yoʻllar orqali yashirincha olib kirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.