Andijon viloyatida huquq-tartibot idoralari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, fuqarolarning mablagʻlarini talon-toroj qilmoqchi boʻlgan mansabdor shaxslar ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Birinchi holatda, Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining shoʻba boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda oʻzganing pul mablagʻlarini oʻzlashtirishga uringan.
Maʼlum boʻlishicha, “Andijon suv taʼminoti” AJ tomonidan Andijon shahrida joylashgan savdo doʻkonlaridan birida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgani va bu orqali davlatga qarib 680 million soʻmlik zarar yetkazilganligi yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Inspeksiya shoʻba boshligʻi esa ushbu vaziyatdan foydalanib, mansabdor tanishlari orqali suvdan yetkazilgan zarar miqdorini qayta hisoblatib, kamaytirib berish va maʼmuriy chora koʻrilishida yengillik qilib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u doʻkon egasidan 30 million soʻm talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX), Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (IJQKD) va Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ikkinchi holatda esa aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tuman filiali Mahallabay ishlash boʻlimi bosh menejerining qonunga zid harakatlariga chek qoʻyildi.
Mazkur bank xodimi tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan fuqaroga 3 milliard 650 million soʻm miqdorida yirik kredit mablagʻi ajratilishida yordam berishni vaʼda qilgan. Bu xizmati evaziga u fuqarodan 8 ming AQSH dollari talab qilib, joriy yilning aprel may oylari davomida undan jami 7 800 AQSH dollarini boʻlib-boʻlib olgan.
Bosh menejer bergan vaʼdasini bajara olmagach, olingan pullar hisobidan 1 000 AQSH dollarini fuqaroga qaytarib berayotgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Hozirda qayd etilgan har ikkala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni hushyorlikka chaqiradi. Agar kundalik hayotda shu kabi tamagirlik, korrupsiya va qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan DXXning 1520 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilib, xabar berishingiz soʻraladi. Murojaat qilgan shaxslarning sir saqlanishi toʻliq kafolatlanadi.