Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Qashqadaryo viloyatida yer bilan bogʻliq noqonuniy savdolarning oldi olindi.
Qarshi tumanida Kadastr agentligining Qarshi tuman boʻlimi yetakchi inspektori oʻz mansabdor tanishlari orqali noqonuniy egallab olingan 12 sotix yer maydoni uchun belgilangan 82 mln soʻmlik jarimani yoʻq qilish va mazkur yerga kadastr hujjatlarini tayyorlab berishni vaʼda qilgan. Ushbu “xizmat” evaziga u 2 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Shahrisabz tumanida Shahrisabz tumanida avval firibgarlik sodir etgani uchun sudlangan 59 yoshli shaxs hamda Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali xodimi oʻzaro til biriktirgan. Ular mahalliy dehqon xoʻjaligiga qarashli 9 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali xususiy korxona rahbari nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 7 ming AQSH dollari talab qilgan. Jinoiy guruh aʼzolari kelishilgan puldan 4 ming AQSH dollarini olayotgan paytda qoʻlga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Hurmatli fuqarolar, agar siz kundalik hayotda yer maydonlari bilan bogʻliq shu kabi noqonuniy harakatlarga yoki tamagirlik holatlariga duch kelsangiz, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilib xabar berishingiz mumkin. Sizning shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi.