Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi

13.06.2026 12:00 O'zbekiston 1629 ipaknews.uz

2026-yil 11-iyun kuni Prezidentning “2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–220-son qarori qabul qilindi.

foto: xs.uz

Qarorga koʻra, 2026–2027-yillarda 20 ta “chempion” tadbirkorlarni tanlab olib, korxonalarda mehnat unumdorligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi. Bunda:

• Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan birgalikda ishlab chiqarishni maqbullashtirish va mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan tejamkor ishlab chiqarish (Lean Six Sigma) dasturi amalga oshiriladi;

• Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda “Kichik biznesga maslahat” dasturi doirasida barcha yoʻnalishlarda konsultatsiya xizmatlarini koʻrsatish hamda bankning arzon moliyaviy mahsulotlarini ajratish boʻyicha kelishuvlarga erishish nazarda tutiladi.

Namangan shahri Sharq tongi mahallasidagi Samarqand va Koʻzagarlik koʻchalari Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Zarqaynar koʻchasi namunasi asosida milliy meʼmorchilik, hunarmandchilik anʼanalari va zamonaviy servisni oʻzida mujassam etgan “Eski shahar” turizm majmuasiga aylantiriladi.

2027/2028 oʻquv yilidan Yangiqoʻrgʻon tumani 2-sonli texnikum hamda Chortoq tumani 1-sonli texnikumda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan xizmat koʻrsatish va turizm sohasida Yevropa andozalari asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Texnikumlarning 2-yillik kasbiy taʼlim dasturlarida oʻqitish davlat granti asosida amalga oshiriladi va bitiruvchilarga davlat namunasidagi kasbiy taʼlim toʻgʻrisida diplom beriladi.