Oliy Majlis Senati Raisi Pokistonning Oʻzbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Pokistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad Faruk bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda parlament yuqori palatasi rahbari Ahmad Farukning soʻnggi uch yil davomida samarali faoliyat olib borib, ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgani alohida eʼtirof etdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash, parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, doʻstlik guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ayniqsa, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Pokiston ilmiy muassasalari bilan hamkorligini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Senat Raisi Pokiston delegatsiyasini Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan Yosh parlament aʼzolarining 12-global konferensiyasi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga bagʻishlangan 3-global forumda faol ishtirok etishga taklif etdi.