SIANG CHING JANG: PREZIDENT E’TIROFIDAN FAXRDAMAN

04.05.2026 11:27 IPAK YO‘LI 2650 ipaknews.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi aholi, tadbirkor, tashkilotchilar qalbida kelajakka ishonch va umidni yanada mustahkamladi. Xabaringiz bor, aslida O‘zbekistonda mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulot kafel ishlab chiqaruvchi 47 ta korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan 47,2 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6 foizga qoplandi.

Davlat rahbarining 2024 yil 16 dekabrdagi “Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir” qaroriga muvofiq, 2025 yilda Quvasoy shahrida “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatiga ega.

Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda. Uning asosiy qismi Quvasoydagi konlardan, shuningdek, Toshkent viloyatining Angren hududidan keltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonida bir kunda 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin ishlatiladi.

Prezident xorijiy investor Siang Ching Jang bilan ish sharoiti va yaratilgan imkoniyatlar haqida suhbatlashdi.

– Haligacha hayajondaman. Davlat rahbari bu qadar samimiy va xushchaqchaq inson ekanki, juda tez til topishib ketdik. Men ularga korxonamiz, uning imkoniyatlari, hatto malakali ishchi kuchi yetishmayotganligi haqidagi muammolarimizni ham ochiq-oydin ayta oldim, – deydi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi ta’sischisi Siang Ching Jang. – Prezident esa avvalo O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchimiz uchun minnatdorchilik bildirdi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotga yuqori baho berdi. Bu biz uchun farxrli edi. 

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keramik plitalar sifat va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Joriy yil yanvar-mart oylarida korxona Qirg‘iziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik 80 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berdi. Eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan shartnomalar imzolash choralari ko‘rilmoqda.

Xorijiy investorning O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvi tasodif emas aslida. Bu yangi O‘zbekistonning ochiq siyosati, Vatan ravnaqi va xalq farovonligini yuksaltirishning izchil yo‘lidagi qadam, investorlarni ma’naviy rahbatlantirishning yorqin misolidir.

– O‘zbekistondagi xorijiy investorlarga yaratilgan sharoit va Quvasoydagi imkoniyatlar bizga kuch-quvvat berdi. Men O‘zbekiston prezidentiga bu yurtdagi boshqa turdosh korxonalar mutaxassislari malakasini oshirishda yordamimni taklif etdim. Ustoz-shogird usulida mahalliy ishchilarni malakali mutaxassislarga aylantirishga xissamni qo‘shaman, – dedi xitoylik investor. 

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov