Quyoshda soʻnggi ikki haftada ilk bor kuchli M sinfli chaqnash qayd etildi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasiga qarashli Kosmik tadqiqotlar institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, rentgen nurlanish oqimlari oʻlchovlari asosida chaqnash M1.65 darajasida baholangan. Bu turdagi soʻnggi hodisa 9-aprel kuni kuzatilgan edi. Olimlar Quyosh faolligi ortib borayotganini “hech qanday maxsus vositalarsiz ham sezish mumkin”ligini qayd etgan.
Ikki karrali boʻlgan kuchli chaqnash bugun ertalab kosmik teleskoplar tasvirlarida qayd etilgan. Hodisa Quyoshning chap chetida sodir boʻlgani bois, Yer uchun neytral deb baholanmoqda.
Kuzatuvlarga koʻra, asosiy portlashdan taxminan bir million kilometr uzoqlikda joylashgan yana bir yorugʻ hududda sinxron tarzda ikkinchi portlash sodir boʻlgan.
Shuningdek, Quyoshdagi 4420-raqamli faol hudud tez surʼatlarda rivojlanishda davom etmoqda. Agar bu jarayon toʻxtamasa, juma kuniga borib Yer uchun muayyan muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Yaqin vaqt ichida ushbu hudud Quyosh diski markaziga yaqinlashib, ehtimoliy yangi chaqnashlar paytida plazma oqimlarini toʻgʻridan-toʻgʻri Yer tomon yoʻnaltirishi mumkin.
Oʻzbekistonlik iqlimshunos Erkin Abdulahadovning maʼlum qilishicha, ushbu chaqnashlardan ajralgan plazma bugun yerda magnit boʻroni qoʻzgʻalishlarini keltirib chiqarmaydi.
“Bugun oʻzbekistonliklar yomgʻirdan keyingi haqiqiy bahoriy ideal ob-havo muhitini tanasida his qiladi”, deb yozadi mutaxassis.
Taʼkidlanishicha, havoda kislorod juda koʻp, issiqlik hissiyoti nuqtayi nazardan, koʻplab hududlarda “qulay” bioiqlimiy sharoit kuzatiladi. Magnit boʻroni qoʻzgʻalishi bilan bogʻliq vaziyat ham “yashil” xavf darajasida.