Davlat xavfsizlik xizmati organlari boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi keskin kurash olib bormoqda. O‘tkazilgan bir nechta tezkor amaliyotlar davomida quyidagi jinoyatlar fosh etildi:
Bekobod shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikiston Respublikasidan Sirdaryo daryosi orqali suzib o‘tib, davlat chegarasini buzib kirgan vaqtida DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olindi. Uning yonida 5 kg 31 gr “gashish" moddasi borligi aniqlandi.
Toshkent shahridagi xususiy tibbiy klinikalardan birida davolanayotgan 1970-yilda tug‘ilgan shaxsning xonasi ko‘zdan kechirilganda, bemorga tegishli bo‘lgan 1 kg 367 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Farg‘ona tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro sherigi tomonidan xufiya joyga (zakladka) yashirib ketilgan 1 kg 21 gr “gashish”ni olayotgan vaqtida ushlandi. Uning xonadonidan yana 2 gramm “opiy” ham topilgan. Jinoiy sherik — Farg‘ona shahrida yashovchi tengdoshi ham qo‘lga olindi.
Marg‘ilon shahrida “Neksiya” rusumli avtomashinasida harakatlanayotgan Qo‘shtepa tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs to‘xtatilganda, u mashinadan 996 gr “gashish”ni uloqtirib, qochishga urindi. Biroq u tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda barcha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatma: Agar siz shu kabi holatlarga guvoh bo‘lsangiz, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga xabar bering. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi.