Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining telefon raqamlariga xorijdan shubhali qoʻngʻiroqlar boʻlishi koʻp kuzatilmoqda, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan tahlillar natijasida aniqlanishicha, bunday qoʻngʻiroqlar oddiy telefon emas, balki internet va maxsus dasturlar orqali amalga oshiriladi. Bunda firibgarlar ushbu tizimlar yordamida oʻzlarining haqiqiy raqamlarini yashirib, telefon ekranida istalgan davlatning soxta raqamini koʻrsatishi mumkin.
Qayd etilishicha, ular qoʻngʻiroqni internet orqali yuborib, raqamni avvaldan soxtalashtirib qoʻyganliklari bois, mobil kompaniyalar tizimida bu qoʻngʻiroqni kim va qayerdan amalga oshirganini aniqlash mushkul. Bunday raqamlar xususida maxsus bazalarda hech qanday maʼlumot boʻlmaydi. Bu esa ularning aslida SIM-karta emasligini, balki qoʻngʻiroq paytida soxtalashtirilgan va vaqtinchalik raqamlar ekanini anglatadi.
DXXga koʻra, shubhali qoʻngʻiroqlar abonentlar uchun quyidagi xavflarni yuzaga keltiradi:
• bunday xorijiy raqamlarga qoʻngʻiroq qilish telefon balansidagi mablagʻning yechib olinishiga sabab boʻladi;
• firibgarlar oʻzlarini turli tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, shaxsiy maʼlumotlar va bank kartasi kodlarini bilib olishga urinadi;
• goʻshakni koʻtarish raqamingizning “faol” ekanligini bildiradi va natijada sizga boʻladigan firibgarlik hujumlari soni keskin ortadi;
• sizning ovozingiz yozib olinib, keyinchalik sunʼiy intellekt yordamida soxtalashtirish orqali yaqinlaringizni aldash uchun ishlatilishi mumkin.
“Hurmatli fuqarolar, firibgarlar tuzogʻiga tushib qolmaslik uchun notanish va shubhali chet el raqamlaridan boʻlayotgan qoʻngʻiroqlarga javob bermaslik, ularga qayta qoʻngʻiroq qilmaslik, ushbu raqamlarni bloklash hamda shaxsiy maʼlumotlaringizni begonalarga oshkor qilmaslikni tavsiya etamiz”, deyiladi xabarda.