6 iyul kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi boshlandi.
Foto: Uza.uz
Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuvda ikki mamlakat rahbarlarining oqilona siyosati va samimiy munosabatlari tufayli O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Buning natijasida mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Xususan, Samarqand viloyati hozirda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Shandun, Shensi, Futszyan va boshqa provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilmoqda. Hududiy biznes-forumlar, delegatsiyalarning tashrifi an’anaviy tus oldi.
Xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatning Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Qo‘shrobod tumanlarida qashshoqlikni kamaytirish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarda Xitoy tajribasidan foydalanilmoqda.
Chjao Letszi ikki davlat va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, hamkorlik ko‘lamini kengaytirishda Butunxitoy xalq vakillari kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev hamrohligida Butunxitoy Xalq vakillari Kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi Mirzo Ulug‘bek memorial muzeyi, Registon maydoniga tashrif buyurdi. Mehmonlarga ushbu obidalarning yaratilish tarixi, bunyodkorlik faoliyati, ajdodlarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Foto: Uza.uz
Chjao Letszi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqandning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rniga yuqori baho berdi. Ko‘p asrlik tarixiy obidalar, qadimiy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni munosib, deb e’tirof etdi.
– Tarixiy joylarni ziyorat qilib, bu zamin qadimdan Markaziy Osiyoning ilmiy, madaniy, savdo-iqtisodiy markazi bo‘lib kelgani bejiz emasligini angladim, – deydi Chjao Letszi Xitoyning — Tarixiy manbalarimizda xitoy-o‘zbek do‘stligi va hamkorligi azaldan rivojlangani qayd etilgan. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlarining tashabbusi bilan hamkorlikning yangi davri boshlandi. Bu kelajakda aloqalarni mustahkamlaydi.
Xitoy parlamenti delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.
Avvalroq, Butunxitoy Xalq vakillari Kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi 6-13-iyul kunlari rasmiy do‘stona tashrif bilan O‘zbekiston va Rossiyaga tashrif buyurishi xabar qilingandi.
Tashriflar O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin va Federatsiya kengashi raisi Valentina Matvienkoning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda. .
Safar davomida Chjao Letszi Rossiyada boʻlib oʻtadigan BRIKS 10-parlament forumi va Xitoy-Rossiya parlamentlararo hamkorlik komissiyasining 9-yigʻilishida ham ishtirok etadi.