Uch mamlakat — Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tarixiy voqeaga hozirlik ko‘rmoqda: avgust oyida bu davlatlarni bog‘lovchi temir yo‘lni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tadi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari Xitoyga borib, u yerda Si Szinpin bilan birgalikda ushbu tadbirda ishtirok etishi kutilmoqda.
Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXX) rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Nezavisimaya gazeta”.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi uzoq vaqtdan beri ulkan rejalar va diplomatik sa’y-harakatlar mavzusi bo‘lib kelgan. Uni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 6 iyun kuni Pekinda uch davlat hukumatlari o‘rtasida imzolangan edi.
Ishning boshlanishi bir necha bor keyingi sanaga qoldirildi. Vaholanki, O‘zbekistonda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni allaqachon yakunlangan. Shavkat Mirziyoyev kelishuvni bir kun avval tegishli qarorni imzolab, tasdiqlagan edi. Bishkek ham hujjatlarni imzolashning yakuniy bosqichida: Qirg‘iziston parlamenti qonun loyihasini iyun oxirida maʼqullagan, qolgani prezident tomonidan imzolanadi.
Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev barcha rasmiyatchiliklar yaqin orada yakunlanishini tasdiqladi. Shuningdek, u loyihaning Qirg‘iziston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun, ayniqsa, yana bir yirik loyiha – Qambar-Ota GES-1 qurilishi kontekstida muhimligini ta’kidladi.
“Temir yo‘l loyihasini moliyalashtirish hajmi qariyb 5 milliard dollarni tashkil etadi, Qambar-Ota GES-1 uchun esa 4 milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratilgan”, dedi Tashiyev Suzoq tumani aholisi bilan uchrashuvda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratilgan, biroq ishchilar yo‘q. “Davlat iqtisodiyotni rivojlantirishni moliyalashtiradi va pensiyalarni oshiradi”, deya taʼkidladi xavfsizlik xizmati xodimi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, temir yo‘l qurilishi mintaqa uchun yangi istiqbollarni ochadi. Bu savdo va sarmoya hajmini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va uch davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi. Bundan tashqari, loyiha transport koridorlarini rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashning asosiy omiliga aylanishi mumkin.
Temiryo‘l qurilishini boshlash bo‘yicha bo‘lajak marosim oldidan qator muhim tadbirlar, jumladan, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarovning Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatiga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi. U yerda u Shinjon biznesining qirg‘iz biznesi bilan o‘zaro munosabatlariga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Pekin uchun Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga yangi yo‘nalishlarni ochib beradigan strategik ahamiyatga ega. Magistral Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tranzit salohiyatini rivojlantirishga, ularni transport izolyatsiyasidan olib chiqishga xizmat qiladi", deya ta’kidlagan ekspert.