O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari “aqlli qishloqlar”ni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rgandi.
“Aqlli qishloqlar” konsepsiyasi nafaqat qishloqlarning raqamli transformatsiyasini, balki ularning rivojlanishiga yangicha qarashni ham ifodalaydi.
Xitoyda “Aqlli qishloq Baihu” loyihasi 80 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini onlayn sotishni yo‘lga qo‘yib, 30 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan qutqardi.
Elektron tijorat kambag‘allikni bartaraf etishda muhim rol o‘ynadi, 20 000 dan ortiq s*++otuvchilar “832 platformasi”ga (kambag‘al hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun onlayn platforma) qo‘shildi. Bu 2022 yilda 13,6 milliard yuan daromad keltirdi (yilga nisbatan 20 foizga ko‘p).
Ispaniyada COWOCAT Rural loyihasi doirasida yaratilgan kovorking-maydonlari aholi sonining kamayishidan aziyat chekayotgan qishloq joylarida iqtisodiy o‘sishning drayveriga aylandi. Loyiha doirasida 18 dan ortiq kovorking-maydonlari va 130 dan ortiq mutaxassislar tarmoqqa qo‘shildi, bu esa qishloqlarda kuchli kovorkerlar hamjamiyatini shakllantirishga hissa qo‘shdi.
Loyiha Ispaniyadagi ikkita taʼlim muassasasida oʻquv dasturlarini yoʻlga qoʻyish orqali yoshlar o‘rtasida kovorking madaniyatini ommalashtirishga faol hissa qoʻshdi. Tortosa shahridagi Rovira-i-Virgili universitetida talabalar va o‘qituvchilarni ushbu kontseptsiyaga jalb qilish uchun qishloq kovorking-maydoni tashkil etildi.
Kongo Demokratik Respublikasida Pamoja Net loyihasi Idjvi oroliga internetga kirish imkonini berdi. Bu mahalliy biznes muhitini yaxshiladi, bu esa xalqaro xaridorlar bilan aloqa o'rnatishga yordam berdi. Mahalliy korxonalarning qo‘llab-quvvatlashi va Fjord texnologiya kompaniyasi bilan hamkorlik tufayli 3900 dan ortiq kishi internetga ulanish imkoniga ega bo‘ldi. Keyinchalik, mahalliy korxonalar loyihaning oylik operatsion xarajatlarining 60 foizini moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanishdi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qishloqlar barqarorligi va unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ham faol amalga oshirilmoqda.
2023-yilda O‘zbekiston fermerlari FAOning “Kelajak avlodlar uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi va dunyo bo‘ylab 1000 ta raqamli qishloqlarni yaratishga qaratilgan FAOning “Raqamli qishloqlar” tashabbusida ishtirok etdi. Pilot loyihalarini amalga oshirish uchun Farg‘ona vodiysining Novkent va Yuksalish qishloqlari tanlab olindi.