Dehqonchilikda Xitoy tajribasi qo'llaniladi

04.03.2025 00:00 IPAK YO‘LI 5

mirziyoyev

Prezident qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bir guruh mutaxassislar Xitoy, Italiya, Yaponiyaga borib, ilmiy institutlar, yirik kompaniya va xo‘jaliklar tajribasini o‘rgandi. Shu asosida yangi hamkorlik rejalari ishlab chiqildi.

Xitoy qishloq xo‘jaligi akademiyasi ekinlar urug‘i va ko‘chatchiligida katta tajribaga ega. Bizda esa qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 14 ta ilmiy institut, 55 ta urug‘chilik xo‘jaligi bo‘lgani bilan, yangi nav va agrotexnologiya masalasida muammolar bor. Dehqonlar mahalliy urug‘dan manfaat ko‘rmagani uchun chet elnikini ekayapti.

Shu bois Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 200 million dollar sarmoya kiritilib, paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari ko‘paytiriladi. Urug‘ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud tashkil qilinadi.

Samarqand agrar instituti, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘tgan yili bir guruh talabalarni Germaniya va Angliyaga yuborgan. Toshkent davlat agrar hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetlari, Farg‘ona oziq-ovqat institutida talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun yapon tili markazlari tashkil etilmoqda.

Taqdimotda rejalar qo‘llab-quvvatlanib, bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.