"Biz taraqqiyotdan orqada qolishimiz mumkin emas"

17.03.2025 00:00 IPAK YO‘LI 8

ilzat-kasimov-about-uz-china-partnership-2025-2

Ilzat Qosimov,Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari

Chet el investitsiyalarini jalb qilish – Oʻzbekistonning barqaror iqtisodiy oʻsishi uchun muhim omil hisoblanadi. Dunyoda kapital uchun raqobat kuchayib bormoqda va mamlakatimiz ochiq hamda teng sharoitli investitsiya muhitini yaratish siyosatini izchil davom ettirmoqda.

Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotiga eng yirik investitsiyalarni kiritayotgan mamlakatlardan biridir. Biroq, axborot maydonida vaqti-vaqti bilan xitoy kompaniyalari go‘yo Oʻzbekiston yerlarini “egallab olayotgani” haqida asossiz da’volar tarqalmoqda. Toʻgʻri xulosa chiqarish uchun keling, faktlar va real ma’lumotlarni koʻrib chiqamiz.

Barcha investorlar, kelib chiqqan mamlakatidan qat’i nazar, Oʻzbekistonda teng sharoitlarda va qonun talablariga muvofiq faoliyat yuritadi. Ularning faoliyati davlat organlari va jamoat institutlari tomonidan tartibga solinadi, bu esa investitsiya jarayonining shaffofligini ta’minlaydi.

Xitoydan tashqari, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa koʻplab mamlakatlar sarmoya kiritmoqda. Mamlakatimiz kam sonli hamkorlar bilan cheklanib qolmasdan, investitsiyalarni turli manbalardan jalb qilmoqda.

Oxirgi uch yilda Xitoy investitsiyalari quyidagicha taqsimlangan:

62% – sanoatga;

11% – yoqilg‘i-energetika sektoriga;

4% – qishloq xo‘jaligiga;

Qolgan qismi – boshqa sohalarga.

Ko‘rinib turibdiki, investitsiyalarning eng katta qismi sanoatga yo‘naltirilgan, qishloq xo‘jaligi yoki yer resurslariga emas.

Xitoy investitsiyalari faol jalb qilinayotgan asosiy sohalardan biri bu tekstil sanoati.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 7600 dan ortiq tekstil korxonasi mavjud bo‘lib, ular yiliga 123,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradi. Ulardan atigi 57 tasi xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan, ya’ni xitoy kompaniyalari ulushi sezilarli emas.

Xitoy ishtirokidagi muvaffaqiyatli tekstil loyihalari misollari qoʻyidagicha:

Jinsheng Group – $115 mln sarmoya kiritib, LT Textile International klasterini tashkil qildi, 700 ish o‘rni yaratildi;

Mulanhua Group – $33,2 mln investitsiya bilan Nanyang M&F va Bobur M&F korxonalarini tashkil qildi, 450 ish o‘rni yaratildi;

Chang Liang Textiles – $5,5 mln investitsiyalar, 120 ish o‘rni;

Hebei Evershine Textile – $3,7 mln investitsiyalar, 100 ish o‘rni.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston tekstil mahsulotlari Xitoyga qoʻyidagi uchta savdo uyi orqali eksport qilinadi:

Nanyang Red Cotton Angel Textile FE,

Posso International Textile FE,

Vodiy Toshloq Textile.

Bu Oʻzbekiston Xitoydan investitsiyalarni jalb qilish bilan birga, eksport salohiyatini ham kengaytirayotganini ko‘rsatadi.

𝟰. Qishloq xo‘jaligida ham yerga emas, texnologiyalarga investitsiyalarga urg‘u beriladi.

Ko‘p tarqalgan noto‘g‘ri fikrlarga qaramay, xitoy investitsiyalarining atigi 4% qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Oʻzbekistonda chet el investorlariga yer sotilishi taqiqlangan – uni faqat 25 yilga ijaraga olish mumkin va bu faqat ochiq auksion orqali amalga oshiriladi.

Misol: Lihua Group Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida paxta yetishtirish va urug‘chilik bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Kompaniyaga unumdorligini zamonaviy agrotexnologiyalar yordamida oshirish sharti bilan sug‘orilmaydigan va hosildorligi past bo‘lgan yerlar berilgan.

Xitoy investitsiyalari Oʻzbekistonning texnologik rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun Jizzax viloyatidagi BYD avtomobil zavodini keltirish mumkin. Bu yerda 1500 ish o‘rni yaratilgan, ularning aksariyatini o‘zbek mutaxassislari egallagan. 2024-yilda 200 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Xitoyda BYD zavodlarida malaka oshirdi.

Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energetikani faol rivojlantirmoqda.

2,7 GVt quyosh elektr stansiyalari,

752 MVt shamol elektr stansiyalari,

169 MVt mikro GESlar,

1,4 GVt energiya saqlash quvvatlari ishga tushirilmoqda.

Xitoy quyosh va shamol elektr uskunalari ishlab chiqarishda dunyo yetakchisi hisoblanadi. Oʻzbekistonda $9 mlrd qiymatidagi 20 dan ortiq energetika loyihalari xitoy kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda va ularda asosan mahalliy mutaxassislar ishlamoqda.

Yuqoridagi faktlar asosida qoʻyidagi xulosalar chiqarish mumkin:

Xitoy investitsiyalarining asosiy qismi sanoat, texnologiya va energetikaga yo‘naltirilgan.

Chet ellik investorlar Oʻzbekistonda yer sotib ololmaydi.

Loyihalarda ish o‘rinlarining aksariyatini o‘zbekistonliklar egallaydi.

Hamkorlik faqat investitsiyalarni jalb qilish emas, balki yangi texnologiyalar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.

Biz keng jamoatchilikni faqat ishonchli faktlarga tayanishga chaqiramiz! Barcha investitsiya loyihalari Oʻzbekiston manfaatlariga mos ravishda va milliy qonunchilik doirasida amalga oshirilmoqda.