Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Pekinda yaqinda yakunlangan “ikki sessiya”ning natijalari va ahamiyati haqida gapirib, 2025-yilda Xitoy-O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida elchining maqolasining to‘liq matni keltirilgan.
Mart oyi boshida Xitoyda an’anaviy yillik "ikki sessiya" – 14-Xalq vakillari yig‘ilishining uchinchi sessiyasi va 14-Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashining uchinchi sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu uchrashuvlar mamlakatimiz siyosiy hayotidagi salmoqli voqea, davlat siyosatining o‘ziga xos barometri va jamoatchilik fikrining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Turli hudud va tarmoqlardan kelgan xalq vakillari o‘z takliflari bilan xalq orzu-umidlarini davlat boshqaruvining aniq chora-tadbirlariga aylantirmoqda. Ichki va tashqi siyosatni strategik rejalashtirishdan tortib, odamlar farovonligiga oid qarorlargacha bo‘lgan "ikki sessiya" Xitoyning kelajakdagi rivojlanishi uchun muhim ko‘rsatmalar beradi, shuningdek, dunyoga mamlakatni tushunish uchun oyna ochadi.
Ushbu imkoniyatdan foydalanib, joriy "ikki sessiya" ning asosiy natijalarini taqdim etib, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini xususida so‘z yurtmoqchiman.
Xitoy iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi jahon iqtisodiyotining tiklanishiga turtki sifatida
2024 yilda Xitoy iqtisodiyoti barqarorligicha qoldi va yuqori barqarorlikni namoyish etdi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 134 trillion yuandan (taxminan 18,94 trillion dollar) oshib, o‘sish sur’ati 5 foizni tashkil etdi. Xitoyning global iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasi 30 foizga yetdi va uning ishlab chiqarish hajmi ketma-ket 15 yil davomida dunyodagi eng yirik bo‘lib qolmoqda. Xitoy jahon iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi dvigateli bo‘lib qolmoqda.
Xitoyning iqtisodiy rivojlanishi nafaqat tez o‘sish, balki yuqori sifat bilan ham ajralib turadi. Yangi tarmoqlar jadal rivojlanmoqda, ilg‘or ishlab chiqarish va zamonaviy xizmat ko‘rsatish sanoatining chuqur integratsiyasi ilgari surilmoqda va ilg‘or sohalarda tobora ko‘p innovatsion yutuqlar paydo bo‘lmoqda.
Shamol va quyosh energiyasi tarmoqlari, yashil energiya vositalarini ishlab chiqarish dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Butun Xitoy bo‘ylab odamlar ko‘z o‘ngida Yangi yil tantanalarida sahnada robotlar shodon raqsga tushib, bayramona kayfiyat uyg‘otmoqda. Uchuvchisiz uskunalar bilan ifodalangan kichik balandliklar iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda va sanoatni modernizatsiya qilishning yangi dvigateliga aylanmoqda. Ochiq modelga asoslangan Deepseek sun’iy intelekti keng e'tiborni tortib global yetakchilikka erishdi. Bir qator misollar Xitoyning innovatsion rivojlanishining yangi manzarasini bevosita ko‘rsatadi.
2025 yil Xitoyda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning 14-Besh yillik rejasining yakuniy yili va 15-Besh yillik rejalashtirishni boshlash uchun asosiy davrdir. Xitoy 5 foiz atrofida iqtisodiy o‘sishni maqsad qilib qo‘ygan va barqarorlikni saqlab, taraqqiyotga intilishda davom etmoqda. Ichki talabni kengaytirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga qaratilgan faol makroiqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Xitoy islohotlarni har tomonlama chuqurlashtirishda, yetakchi sohalardagi xavflarni bartaraf etishda, yanada optimallashtirilgan ishbilarmonlik muhitini yaratishda xamda yanada katta ishonch bilan yuqori darajadagi ochiqlikni ragbatlantirishda davom etadi.Agar "Xitoy mo‘jizasi" ning birinchi qismi "benazir yuqori o‘sish templari"ni namoyon etgan bo‘lsa, ikkinchi qismi "yuqori sifatli taraqqiyotning namoyon bo‘lishida yanada ajoyiblikni va'da qiladi".
"Xitoy o‘z tashqi siyosat prinsiplariga amal qilib, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va rivojlanish kuchiga aylanmoqda."
«Ikki sessiya» doirasidagi matbuot anjumanida Xitoy Xalq Respublikasining tashqi ishlar vaziri Van I jahon davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar, Rossiya-Ukraina inqirozi va boshqa xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha jurnalistlar savollariga javob berdi, mamlakatning tashqi siyosat kursini batafsil tushuntirdi. U Xitoy diplomatiyasining xalqaro adolat tomonida o‘zgarmas ravishda turajagini, gegemoniyaga qarshi qat’iy kurashishini, shuningdek, adolatli va tartibli ko‘p qutbli dunyoni va inklyuziv iqtisodiy globalizatsiyani shakllantirishni faol tarzda ilgari surishini ta’kidladi."
Adolatli va tartibli ko‘p qutbli dunyo barcha davlatlarning — katta va kichik — tenglik prinsipini saqlashni, BMT Ustavi prinsiplariga qat’iy amal qilishni, xalqaro munosabatlarning asosiy normalariga sadoqatni va haqiqiy ko‘p tomonlama hamkorlikni amalga oshirishni anglatadi.
Alohida davlatlarning xalqaro ishlarni monopoliyalashtirishga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Ayniqsa, ba’zi davlatlar «stolda» o‘tirib, boshqalari faqatgina «menyuda» bo‘lishini qabul qilish mumkin emas. Konfliktda g‘oliblar bo‘lmaydi, dunyoning har qanday joyida mag‘lubiyatga uchraganlar bo‘lmasligi kerak. Muzokara stoli — ziddiyatning oxiri va tinchlikning boshlanishi.
Inklyuziv iqtisodiy globalizatsiya barcha davlatlarning, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarning ehtiyojlarini hurmat qilishni, milliy realliklarga muvofiq rivojlanish yo‘lini tanlashni, boshqa davlatlar tomonidan taqiqlanmasdan amalga oshirishni anglatadi. Biz har qanday bir tomonlama va proteksionizm shakllariga qarshi qat’iy kurashamiz. «Kichik hovli va baland devorlar umumiy rivojlanish tendensiyasini to‘sib qo‘yolmaydi, aloqalar va ta’minot zanjirlarining uzilishi esa oxir-oqibatda o‘z-o‘zini ihotalashga olib keladi».
So‘nggi vaqtlarda ba’zi davlatlar fentanilga qarshi kurashish bahonasida Xitoga qarshi qo‘shimcha bojlar joriy etdi. Haqiqatda, Xitoy dunyodagi narkotiklar ishlab chiqarishni nazorat qilish bo‘yicha eng qat’iy davlatlardan biridir. Amerika tomonining bayonoti absurd. Tarif tahdidlari va bosimdan foydalanish — bu bir tomonlama va gegemoniyaning tipik misoli bo‘lib, bu Jahon savdo tashkilotining (JST) qoidalarini qo‘pol buzadi. Bu nafaqat davlatlar o‘rtasidagi normal savdo-iqtisodiy munosabatlarni zaiflashtiradi, balki global ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarini istiqbolsizlashtiradi, jahon iqtisodiyotining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi va fuqarolar hamda biznes manfaatlariga zarar yetkazadi. Savdo urushlari va tariflar bo‘yicha qarshi turishlarda g‘oliblar bo‘lmaydi. Xitoy tenglik va o‘zaro hurmat asosida kelishmovchiliklarni hal qilishni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun kerakli choralarni ko‘rishga tayyor.
"Xitoy-O‘zbekiston do‘stligi yillar davomida mustahkamlanib bormoqda, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda."
O‘zbekiston Xitoy uchun yaxshi qo‘shni va ishonchli hamkor. Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi vaqt sinovidan o‘tgan va tashqi omillarga bog‘liq emas. O‘tgan yili Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoga muvaffaqiyatli davlat tashrifi amalga oshirdi. Ikki davlat rahbarlari Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini barcha havo sharoitlariga mos, keng qamrovli strategik hamkorlik darajasiga olib chiqish hamda Xitoy va O‘zbekistonning umumiy taqdir hamjamiyatini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Xitoy va O‘zbekiston doimiy ravishda milliy sharoitlarga muvofiq rivojlanish yo‘lini tanlaydilar, asosiy manfaatlarga tegishli masalalarda bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydilar, shuningdek, BMT, ShHT, «Xitoy — Markaziy Osiyo» formati va boshqa platformalar doirasida yaqin hamkorlikni amalga oshiradilar. Tomonlar haqiqiy ko‘p tomonlama hamkorlikni qo‘llab quvvatlab, butun insoniyatning umumiy qadriyatlarini ilgari surish va dunyoda hamda mintaqada barqarorlik va rivojlanishni saqlashga faol hissa qo‘shadilar.
Bizning liderlarimiz strategik rahbarligi ostida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida barcha darajalarda faol aloqalar rivojlanib bormoqda, hamkorlikning turli mexanizmlari o‘rnatilgan, o‘zaro manfaatli hamkorlik natijasida turli sohalarda yangi natijalarga erishilmoqda. Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo va investisiyaviy hamkori bo‘lib qolmoqda. An’anaviy sohalar — savdo, investisiyalar, sanoat, energetika va infratuzilma qurilishiga qo‘shimcha ravishda, tomonlar yashil iqtisodiyot, raqamli iqtisodiyot va ilmiy-texnik innovatsiyalar sohasida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda, shuningdek, madaniyat, ta’lim, turizm va mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik sohasida ham aloqalarni mustahkamlamoqda. Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi rasman boshlandi, o‘zaro vizasiz rejim to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi, yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, bu esa ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikka yanada yordam beradi."
Bu yil Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari izchil aloqalarni davom ettiradilar. Xitoy ShHT sammitini qabul qiladi va barcha kuchlari bilan yuzdan ortiq tadbirlarni o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Raislik qiluvchi davlat sifatida Xitoy «amaldagi harakatlar»ga e’tibor qaratadi va O‘zbekiston bilan birgalikda ShHTning yanada rivojlanishiga yordam berishga tayyor. Shuningdek, bu yilning yanvaridan boshlab O‘zbekiston rasman BRIKSning hamkori bo‘ldi. Xitoy O‘zbekistonning BRIKS faoliyatidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekiston bilan birgalikda Global janub davlatlarining umumiy manfaatlarini himoya qilishga tayyor.
Xitoy va O‘zbekiston modernizatsiya va rivojlanish yo‘lida bormoqda. Xitoy O‘zbekiston bilan birgalikda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga, hamkorlikni kengaytirishga, rivojlanish imkoniyatlari bilan bo‘lishishga va xalqlar o‘rtasidagi yaqinlashuvga ko‘maklashishga tayyor.
Bizning hamkorligimiz ikki davlat xalqlari uchun ko‘proq foyda keltirsin, yagona taqdir hamjamiyatini barpo etishda namuna bo‘lsin, dunyoni barcha mamlakatlar uchun, kelajak esa barcha xalqlar uchun umumiy bo‘lsin.