Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida bir qator kelishuvlarga erishildi. Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga 28—30-aprel kunlari amalga oshirgan xizmat safari davomida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini muhokama qilish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik uchrashuvlari tashkil etildi.
BMTning Savdo-sotiq va rivojlanish komissiyasi eksperti va Space Techtronic Industries Services (Shenzhen) Co., Ltd. vakillari bilan texnologiyalarni Xitoydan O‘zbekistonga transfer qilish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi maxsus markaz tashkil etishga kelishildi.
Xitoyning Xinjiang Beixin Road & Bridge Group Co., Ltd. kompaniyasi bilan akademik almashinuv dasturlarini tashkillashtirishga kelishildi.
Tyanfen Sinszyan qishloq xo‘jaligi ilmiy-texnikaviy kompaniyasi bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan laboratoriya markazi ochilishiga kelishib olindi va bitim imzolandi. Tyanszin qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda agrar sohadagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladigan markaz tashkil etish va “Yangi O‘zbek—Xitoy landshaft dizayni” konsepsiyasini yaratish va bu yo‘nalishda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Xitoyning Chan’an universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali hamda Xitoyning Chan’an universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Xitoy tomonidan taklif etilgan dasturga ko‘ra, 4 ta bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha har bir yo‘nalishga 30 nafargacha talabani qabul qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Pekin texnologiya institutining Toshkent shahridagi filialini ochish masalasi muhokama qilindi. Yangi xorijiy kampus tarkibida beshta asosiy fakultet faoliyat yuritadi: kompyuter fanlari, mashinasozlik va avtomobilsozlik, “yashil” energetika, katta ma’lumotlar (Big Data), sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik.