G‘arbiy don mintaqasi

05.05.2025 00:00 IPAK YO‘LI 7

dala,dehqonchilik

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Xitoyning qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribasiga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, Shinjon mintaqasi qiziqish uyg‘otadi - uning iqlimi va geografiyasi O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlari sharoitlariga o‘xshaydi. ShUAR tajribasi qurg‘oqchil va ekologik jihatdan zaif zonalarda ham barqaror agrar ishlab chiqarish tizimini barpo etish mumkinligini ko‘rsatadi.

Keling, Shinjon o‘zining "g‘arbiy don mintaqasi"ni qanday qurayotgani va bu muvaffaqiyat nimaga asoslanganini ko‘rib chiqaylik.

Shinjon janubida iliq ob-havo o‘rnatilishi bilan bahorgi bug‘doy ekish mavsumi boshlanadi - dalalar jonlanadi, hamma joyda ish qaynaydi. 2024-yilda mintaqa don hosilining o‘sishini yana bir bor namoyish etib, o‘sish sur’ati bo‘yicha Xitoyda birinchi o‘rinni egalladi.

Uzoq vaqt davomida Shinjonning an’anaviy qiyofasi qurg‘oqchil iqlim, kam yog‘ingarchilik va nozik ekologiya bilan bog‘liq bo‘lib kelgan - bu "g‘alla mintaqasi" tushunchasi bilan zaif bog‘langandek tuyulgan. Biroq, so‘nggi 10 yil ichida mintaqada boshoqli don ekinlari maydonlari 5,8 million gektarga ko‘payib, umumiy o‘sishning 34,8 foizini tashkil etdi.

Tez o‘suvchi "don mintaqasi"

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yildan buyon Shinjon don yetishtirish hajmini har yilgi rekordini yangilamoqda. 2023-yilda umumiy hosil birinchi marta 20 million tonnadan oshdi, bu esa mintaqaga nafaqat o‘z ehtiyojlarini to‘liq ta’minlash, balki ortiqchasini boshqa viloyatlarga ham yetkazib berish imkonini berdi.

2024-yilda ekin maydonlari 2,9 million gektarga yetib, 135,3 ming gektarga ko‘paydi. Hosildorlik 2,1 million tonnaga oshib, umumiy hosil 23,3 million tonnani tashkil etdi. O‘rtacha hosildorlik gektariga 5,2 tonnani tashkil etib, Shinjonni mamlakatda birinchi o‘ringa olib chiqdi.

Zamonaviy texnologiya qishloq xo‘jaligining "miyasi"ga aylanmoqda

Fan-texnika taraqqiyoti Shinjon qishloq xo‘jaligini tubdan o‘zgartirmoqda. Sug‘orish va o‘g‘itlashning intellektual tizimlarini joriy etish o‘simliklarning talabiga qarab suv va ozuqa moddalarini yetkazib berishni aniq tartibga solish imkonini beradi.

Fermerlar datchiklar va avtomatlashtirilgan klapanlar yordamida real vaqt rejimida tuproq namligi, unumdorligi va boshqa parametrlarni kuzatib, agrotexnik jarayonlarni optimallashtirishlari mumkin.

2024-yilda Chanji-Xuey avtonom okrugidagi Guchun tumani fermasida katta maydonlarda bug‘doy hosildorligi bo‘yicha rekord o‘rnatildi - bu keng qamrovli ilmiy yondashuv tufayli amalga oshirildi: yuqori hosilli navlarni tanlashdan tortib, zich ekish va tejamkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llashgacha. Masalan, mahalliy fermerlar tomonidan yaratilgan kuzgi bug‘doyning "Sinlyan 169" navi an’anaviy cheklovlarni yengib o‘tdi - u nafaqat yuqori hosil beradi, balki donining a’lo sifati bilan ham ajralib turibdi.

Suv resurslarini optimallashtirish

Suv qurg‘oqchil Shinjonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning asosiy omilidir. Suv resurslari taqchilligi uzoq vaqt davomida ekin maydonlarini kengaytirishga to‘sqinlik qildi. Endilikda viloyatda markazlashgan suv taqsimlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

2024-yilda qishloq xo‘jaligi uchun 56 milliard kub metr suv yetkazib berildi - bu o‘tgan yilga nisbatan 312 million kub metrga ko‘pdir. Ko‘plab bo‘z yerlar almashtirib ekish sisitemasiga qaytarildi.

Voha hududlarida sug‘orish tizimlari faol qurilmoqda, tomchilatib va kam suvli sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda, bu esa cheklangan resurslardan maksimal darajada samarali foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, Shinjonda oqova suvlarni qayta ishlatish va yomg‘ir suvlarini to‘plash tizimlari faol rivojlanmoqda, bu esa suv manbalariga bo‘lgan bosimni yanada kamaytiradi.

Fermerlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Shinjon oziq-ovqat xavfsizligiga alohida e’tibor qaratadi. Barcha darajadagi hokimiyat organlari g‘alla yetishtirishni rag‘batlantirish uchun qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqda.

2024-yilda yangi ekin maydonlarini shakllantirish, ekinlarni subsidiyalash, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish, seleksiya va agrar tarmoqlarni rivojlantirish uchun 21,4 milliard yuan ajratildi. Ushbu investitsiyalar fermerlarning moliyaviy xatarlarini yumshatish imkonini berdi.

Bundan tashqari, g‘alla yetishtiruvchi hududlarni mukofotlash tizimi mavjud - yirik ishlab chiqaruvchilar mukofotlanadi, fermerlar esa subsidiyalar, o‘qitish va texnik yordam bilan rag‘batlantiriladi. Ushbu chora-tadbirlar nafaqat qishloq aholisining daromadlarini oshiradi, balki ishlab chiqarishning barqaror o‘sishiga ham hissa qo‘shadi.

Muhim yo‘nalish esa ekin maydonlarini himoya qilishdir. 2024-yilda 2,8 million gektar yuqori hosildor maydonlar foydalanishga kiritildi va bunday yerlarning umumiy maydoni 3,9 million gektarga yetdi (umumiy qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining 72,8 foizi). Yuqori samarali sug‘orish hamda sug‘orish va o‘g‘itlash tizimlari integratsiyalashgan dalalar maydoni 4,8 m dan oshdi.

Ekologik himoya

Ishlab chiqarishning jadal o‘sishiga qaramay, Shinjon ekologiyaga ham e'tibor qaratadi. Yashil texnologiyalar faol joriy etilmoqda: kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlardan foydalanish kamaytirilmoqda, zararkunandalarga qarshi kurashning biometodlari rivojlantirilmoqda.

Gum okrugida mintaqalararo yordam dasturida ishtirok etayotgan Anxoy provinsiyasidan bo‘lgan korxona organik o‘g‘itlar va o‘simliklarni biologik himoya qilish yordamida qovoq urug‘larini yetishtiradi. Bu mahsulot sifatini oshiradi, tuproq va suv havzalarining ifloslanishini kamaytiradi.

Bundan tashqari, viloyatda ekologik qishloq xo‘jaligi va yopiq qishloq xo‘jaligi sikllari faol rivojlanmoqda. Ekotizimlarni tiklash uchun Shinjon botqoq yerlarni sug‘orish, o‘simliklarni tiklash va samarasiz yerlarni tabiiy holatga qaytarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

Yaylovlarni himoya qilish dasturlari ham mavjud - fermerlar ekologik me’yorlarga rioya qilgani uchun subsidiyalar oladi. Bu chorvachilik va ekotizimni saqlash o‘rtasidagi muvozanatni saqlash imkonini beradi.

Ushbu chora-tadbirlar Shinjonga nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini oshirishga, balki iqtisodiy o‘sish va tabiatni muhofaza qilish o‘rtasida uyg‘unlik yaratib, uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ta’minlashga yordam beradi.