Xitoy tibbiyoti o‘zining innovasion texnologiyalari, mutaxassislarining yuksak ilmiy-amaliy salohiyati tufayli hamkorlik uchun jozibador hisoblanadi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining joriy yil 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni, shu jumladan, sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqani tarixiy voqea bo‘ldi.
‘zbekiston sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilishicha, tibbiyot sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni xirurgiya va transplantologiya yo‘nalishida ham rivojlantirish yo‘lida muhim qadam qo‘yilgan.
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Xitoy Xalq Respublikasining "Zhejiang" tibbiyot universiteti 2-klinikasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda markaz rahbariyati, "Zhejiang" tibbiyot universiteti 2-klinikasi prezidenti Vaylin Vang, Xitoyning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 155 yillik tarixga ega “Zhejiang" tibbiyot universiteti 2-klinikasi Xitoydagi yetakchi tibbiyot muassasalaridan hisoblanadi. Xususan, mazkur klinika ketma-ket besh yil mamlakatning eng yaxshi klinikalar o‘ntaligida qayd etilib kelinmoqda. Mamlakatlarimizning ushbu ikki tibbiyot muassasalari o‘rtasida bir necha oy oldin onlayn formatda boshlangan muzokaralar yakuni bilan erishilgan kelishuvlar o‘zaro hamkorlikni hujjat bilan mustahkamlashga zamin yaratdi.
Hamkorlik doirasida joriy yilning 10-15-mart kunlari markazda “Xitoy tibbiyoti haftaligi” tashkil etildi. Mazkur aksiya davomida o‘zbek va xitoylik shifokorlar hamkorligida kattalar va bolalarda kam invaziv usulda, jigar bo‘lagi va buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari bajariladi.
Bunday transplantatsiya operatsiyalari tug‘ma jigar kasalligiga chalingan 12 yoshli qoraqalpog‘istonlik qizaloqda va surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘riyotgan namanganlik bemorda o‘tkaziladi. Qizaloqqa buvisi, buyrak kasalligiga chalingan bemorga esa akasi donorlik qiladi.
Shu munosabat bilan do‘st mamlakatdan yurtimizga 17 nafar yuqori malakali mutaxassis tashrif buyurgan.
Shuningdek, xitoylik mutaxassislar ishtirokida markaz xodimlari, klinik ordinatorlar uchun turli mavzularda mahorat darslari va ochiq muloqotlar ham tashkil etiladi.