Saudiya Arabistonining "Tourism World" elektron gazetasida "O'zbekistonni gazetamiz orqali kashf qiling. Xiva – jahon madaniy merosi durdonasi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Foto: "Dunyo" AA
"O'zbekiston tarixiy shaharlarga boy o'lka, – deb yozadi "Tourism World". – Tarixning har davrida yuqori ahamiyatga ega bo'lgan shaharlar orasida Xiva shahri ajralib turadi. Xorazm o'lkasining marvaridi hisoblangan bu shahar nafaqat tarixda, balki bugungi kunda ham O'zbekiston uchun muhim shaharlardan biridir. Har yili minglab turistlar shaharga sayohat uchun keladilar".
Maqolada qayd etilishicha, Xiva miloddan avvalgi V-IV asrlarda tashkil etilgan bo'lib, Buyuk ipak yo'lidagi savdo markazi sifatida tanilgan.
"XIX asrda shahar ikki qismga bo'lingan: 10 metr balandlikdagi devor bilan o'ralgan Ichan qal'a (ichki shahar) va Dishan qal'a (tashqi shahar), – deyiladi elektron gazetada. – Ichan qal'a xon saroyi qarorgohi hisoblangan. U yerda yuqori martabali amaldorlar, ruhoniylar va boy savdogarlar yashagan. Dishan qal'ada esa savdogarlar va hunarmandlar istiqomat qilgan".
Ta'kidlanishicha, 1920-yilda Ichan qal'ada 33 ta, Dishan qal'ada esa 34 mahalla bor edi. Shaharda 109 ta ko'cha, 79 ta masjid, 120 ta Qur'onni o'qitadigan maktab hamda 64 ta madrasa bor edi.
"Xiva – Buyuk ipak yo'lining chorrahasidagi ikkita qudratli mamlakat Xitoy va Rimni bog'lab turadigan muhim markaz bo'lgan. Bugungi kunda Ichan qal'a davlat muzey-qo'riqxonasi deb e'lon qilingan. 1990-yilda YUNESKO tomonidan Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan", – deya yakunlaydi "Tourism World" elektron gazetasi.