Mirziyoyev Putinni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi

18.03.2024 00:00 O'zbekiston 7

RFning amaldagi prezidenti uch kun davom etgan saylovlarda rekord natija bilan g‘alaba qozonib, beshinchi muddatga saylandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida qozongan g‘alabasi bilan tabrikladi.

«Davlatimiz rahbari maktubida saylovchilarning yuqori faolligi va ovoz berish natijalari aholi Vladimir Putinning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga ishonch bildirayotgani va ularni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganining navbatdagi yorqin namoyishi bo‘lgani ta’kidlanadi.

Mamlakatimiz yetakchisi Rossiya prezidentiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.