O‘zbekistonda budjet jarayoni va ichki auditni takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda

19.03.2024 00:00 O'zbekiston 4

O‘zbekistonda budjet jarayoni va ichki auditni takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda. Loyiha, jumladan, Moliya vazirligi davlat budjeti ijrosi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga har chorakda emas, har yarim yilda axborot berishini nazarda tutadi.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 4-mart kuni budjet jarayoni hamda ichki audit faoliyatining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

14-mart kuni vazirlik qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etib, unda nazarda tutilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan taqdimot qildi va bunga qanday ehtiyoj borligini tushuntirdi.

Qonun loyihasi 7 ta moddadan iborat bo‘lib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Reglamenti to‘g‘risidagi qonunlari hamda budjet kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

                                  0Goggu17107464227249_l

                                                Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Asosiy o‘zgarish sifatida Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutmoqda. Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yarim yilda (amaldagi tartibga ko‘ra yilning har choragida) Qonunchilik palatasiga Davlat budjeti ijrosining borishi to‘g‘risidagi axborotni va zarur materiallarni yuboradi.

Shuningdek, birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilari uchun belgilangan budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarning bajarilishi bo‘yicha tegishli birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi rahbarlarining hisobotlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasida har olti oy yakunida eshitib borilishi belgilanmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglamenti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ham nazarda tutilgan. Bunda, yangilangan Konstitutsiyaga asosan Davlat budjet to‘g‘risidagi hisobotlar faqat Qonunchilik palatasiga taqdim etilishi belgilanganligini inobatga olib, Senatning vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.