Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning Guandun provinsiyasi Panyu shaharchasida "O'zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlik" mavzusida biznes-seminar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
JC Finance Interconnect Holdings kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 40 dan ortiq elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari sanoati, binolarni qurish, smart texnologiyalar va ta'lim yo'nalishidagi korxonalar ishtirok etdi.
Rasm: Dunyo AA
Tadbir avvalida mamlakatimizda yaratilgan investitsion muhit, sanoatni rivojlantirish, eksport imkoniyatlari va joriy yil 2-3-may kuni o'tkaziladigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuzasidan taqdimot o'tkazildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi tomonidan viloyatdagi biznes muhit va sanoati imkoniyatlari yuzasidan ma'lumot taqdim etildi.
O'z navbatida, JC Finance Interconnect Holdings kompaniyasi bosh ijrochi direktori Tini U xonim tomonidan "O'zbekiston bilan biznes hamkorlik" mavzusida kengaytirilgan taqdimot o'tkazildi.
"Bugungi kunda O'zbekistonda investitsiya yo'nalishida amalga oshirilgan islohotlar, taklif etilayotgan imtiyozlar, Markaziy Osiyo, MDH, shuningdek Yevropa Ittifoqi bozorlariga kirishdagi imkoniyatlardan keng foydalanish tomonlar uchun manfaatli va o'z navbatida mamlakatga kiritiladigan investitsiyadan qisqa muddatlarda foyda olish imkoniyatini beradi" – dedi Tini U xonim.
Tadbir so'nggida JC Finance Interconnect Holdings kompaniyasi bosh ijrochi direktori Tini U boshchiligidagi delegatsiyani O'zbekistonga tashrifini uyushtirish hamda Qashqadaryo va Toshkent viloyati hokimliklari, "O'zeltexsanoat", mebelchilar va "O'zsanoat-qurilishmateriallari" uyushmalarida uchrashuvlar tashkil etish orqali o'zaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.