Xitoy poytaxti Pekin shahrida bo'lib o'tgan "CGN Strategic Emerging Industries Alliance" konferensiyasida O'zbekistonning "yashil" energetikani rivojlantirish imkoniyatlari va bu borada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar namoyish etildi.
Dunyo" axborot agentligining xabar qilishicha, Taraqqiyot, integratsiya va o'zaro manfaatli hamkorlik uchun sanoat zanjirini birgalikda barpo etish" mavzusida tashkil etilgan tadbirda Xitoyning vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot va moliya institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etgan.
Konferensiya ishtirokchilari O'zbekistonda energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda, shuningdek, mamlakatimizning qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi ulkan salohiyati ochib berildi. Ishtirokchilariga O'zbekistonda 2030-yilgacha "yashil" iqtisodiyotga o'tish va "yashil" o'sishni ta'minlash dasturining mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Xitoyning qator yirik kompaniyalari O'zbekistonda energetika loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.