Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini bildirgan edi.
Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi Martin Chungong va Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘rtasida PIning 150-yubiley assambleyasini 2025-yil O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Rasm: Senat.uz
Bu haqida Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, jahondagi 180 ta parlamentni birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma o‘zining yuqori organi Assambleyani parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazadi.
Assambleyaning ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida, O‘zbekistonda o‘tkazilishi esa Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, parlamentarizmni rivojlantirish yo‘lidagi saʼy-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini tasdiqlaydi.
Rasm: Senat.uz
Mintaqamizda parlament yo‘nalishidagi bunday keng ko‘lamli tadbirning ilk bor o‘tishi O‘zbekiston parlamentining BRMni amalga oshirishdagi faol ishtiroki, normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlariga mos ravishda takomillashtirilishi, parlament darajasida inson huquqlarini himoya qilish va gender tengligi masalalarini ilgari surish, Yoshlar parlamenti doirasida yoshlarni qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb etilishi bilan izohlanadi.
Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining mamlakatimizda o‘tkazilishi parlamentlar o‘rtasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishish, 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kengaytirish, BRM erishish, inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini ko‘rib chiqish imkonini beradi.