1985-yilda tashkil etilgan "China Investment" oylik jurnali investitsiyalarni yoritishga ixtisoslashgan. Nashrda ingliz va xitoy tillarida maqolalar chop etiladi. Jurnal turli mamlakatlar rasmiylari, investitsiya agentliklari, ekspert va olimlar hamda tadbirkorlar uchun asosiy muloqot maydoni hisoblanadi.
Ayni jurnalda "Xususiy biznes O'zbekiston zamonaviy iqtisodiyotining drayveri sifatida: islohotlar va yangi chaqiruvlar" sarlavhali maqola chop etildi. Bu haqida "Dunyo" axborot agentligi xabar bermoqda.
Rasm: "Dunyo" AA
Nashrda qayd etilishicha, O'zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan biridir. 2018-yildan buyon mamlakat suveren kredit reytingini BB- darajasida saqlab kelmoqda. Islohotlar xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlarni kamaytirish va tartibga solish imkonini berdi.
Mamlakatda ko'plab transmilliy korporatsiyalar mavjud. Hududlarda 20 dan ortiq erkin iqtisodiy zonalar bo'lib, ular farmatsevtika, qishloq xo'jaligi va turli sanoat yo'nalishlariga investorlarni jalb etishda davom etmoqda.
"O'zbekistonda mamlakat iqtisodiyotiga bevosita aralashuvni kamaytirish, xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko'rilmoqda. 2021-yil mart oyida hukumat O'zbekistonda jadal xususiylashtirish yo'li bilan davlat korxonalari sonini 75 foizga qisqartirish niyatida ekanligini ma'lum qildi. 2021-2025-yillarga mo'ljallangan strategiyada davlat korxonalari sonini isloh qilish bandi belgilangan", – deyiladi maqolada.
Jurnalda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishning muhim omillaridan biri ekani alohida ta'kidlanadi. O'zbekistonda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash sohasidagi qonunchilik bazasi ham mustahkamlandi. Jumladan, O'zbekiston Prezidentining "Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi va "Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o'sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to'g'risida"gi farmonlari qabul qilindi.
"Islohotlar natijasida O'zbekiston AQShning Heritage Foundation tadqiqot instituti iqtisodiy erkinlik indeksida 8 pog'onaga ko'tarilib, 109-o'rinni egalladi. Mamlakat soliq yuki, sarmoya va savdo erkinligi bo'yicha ham ilgarilab ketdi.", – deyiladi "China Investment" jurnalida bosilgan maqola xulosasida.