Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 25-martidan 26-martga o‘tar kechasi noqonuniy baliq ovining oldini olish maqsadida navbatdagi ekologik nazorat tadbirlari tashkil etildi. Bu haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb saytida xabar qilindi.
Unga ko‘ra, Quyichirchiq tumani “Qo‘rg‘oncha” hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida fuqarolar E. X. va B. J. tomonidan noqonuniy usulda, ya’ni aylana to‘r yordamida baliq ovlanayotganganligi aniqlangan. Huquqbuzarlik natijasida 204 ta baliq ovlanib, bu orqali tabiatga 20 million 774 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, kerakli chora ko‘rilishini ta’minlash maqsadida sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda. Ovlangan baliqlar esa 4-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatiga beg‘araz topshirildi.