O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish uchun 800 mlrd so‘m talab etiladi

29.03.2024 00:00 O'zbekiston 6

O‘zbekistonda aholi ro‘yxatini o‘tkazish uchun oldindan 800 mlrd so‘m talab etiladi, deya ma’lum qildi Statistika agentligi. Tadbir 2025−2026-yillarda o‘tkazilishi reja qilingan.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlarini o‘tkazish uchun 800 milliard so‘m kerak bo‘ladi. Bu haqda 27-mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Statistika agentligining aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov ma’lum qildi.

lheGQC17116137616502_b

foto:AOKA

“2019-yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlangandi. 2021-yilda 4 ta hududda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazdik. Bunda aholini ro‘yxatga olishning 3 ta usulini testdan o‘tkazdik. Hozir respublika bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. 2020-yilda pandemiya tufayli bu tadbir qoldirildi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirning juda katta mehnat talab qilishi tufayli uning moliyaviy va texnik tomonlari ko‘rib chiqilib, tizim takomillashtirgan holda jarayonni 2025−2026-yillarda o‘tkazish reja qilingan. Butun tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m (taxminan 63,4 mln dollar) mablag‘ talab etiladi, dedi Qobil Berdiqulov. Avvalroq agentlik ma’lumotlarni yig‘ishning qog‘oz usulidan voz kechish budjetni 46 mln dollarga yaqin tejash imkonini berishini qayd etgandi.