2023-yilda eng ko‘p subsidiya ajratilgan soha eʼlon qilindi

03.04.2024 00:00 O'zbekiston 5

Respublikada 2023-yilda davlat byudjetidan energetikaga eng ko‘p subsidiya berilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.

photo_2024-03-28_12-24-40-3ByO4ZO4 cvjbxfhc

Qayd etilishicha, o‘tgan yili davlat byudjetidan jami 29 trillion 255 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgan. Shundan qariyb 20,8 trillion so‘mi energetika va geologiya-qidiruv ishlari uchun yo‘naltirilgan. Xususan, subsidiyalarning 18 trillion so‘mi ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o‘rtasidagi zararlarni qoplashga sarflangan.

Shu bilan birga, subsidiyalarning 5,5 trillion so‘mi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga, 1,9 trillion so‘mi tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga, 1,1 trillion so‘mi qishloq va suv xo‘jaligiga ajratilgan.

Subsidiyalar tarkibida aholi tomonidan uy-joy sotib olish uchun ajratilgan mablag‘lar 1,1 trillion so‘mni tashkil etgan.

Nodavlat bog‘chalar uchun 2,7 trillion so‘m, talabalarning oylik ijara to‘lovi xarajatlarini to‘lashga 295 milliard so‘m, issiqlik taʼminoti korxonalari zararlarini qoplashga 1,7 trillion so‘m subsidiya berilgan.

Yil davomida talabalar turar joylarini barpo etish subsidiyalari 291 milliard so‘mni, magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplashga 123 milliard so‘m, jamoat transportida yo‘lovchilarni tashish subsidiyalariga 838 trillion so‘m sarflangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston aholisiga elektr va tabiiy gaz ishlab chiqarilgan narxidan arzon sotilishi hisobiga hosil bo‘lgan kamomad davlat byudjeti hisobidan qoplab kelinadi. “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda 2023-yilda tabiiy gazni olish va sotish o‘rtasidagi tafovutni qoplab berish uchun byudjet hisobidan 14,2 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Biroq tariflar liberalizatsiyasi kechiktirilgani sabab qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan.